«Zomin seminari»ga nomzodlar saralandi
Viloyat kutubxonasida Respublika yosh ijodkorlari an’anaviy Zomin seminarining Samarqand va Jizzax viloyatlari hududiy bosqichining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Seminarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq, poytaxtdan kelgan ustoz ijodkorlar Salim Ashur, Aziz Said, Luqmon Bo‘rixon hamda viloyatimizdan Farmon Toshev, Xosiyat Bobomurodova she’riyat, bolalar adabiyoti, badiiy publitsistika va tarjima, nasr yo‘nalishlari bo‘yicha shu’balarga bo‘lingan holda yoshlarning ijod namunalarini ko‘rib chiqdi. Ularga kerakli tavsiyalar berildi va mahorat darslari o‘tildi.
- Zomin seminarida ilk bor qatnashish niyatidaman, - deydi Jizzax viloyati vakili, seminar ishtirokchisi Noila Davlatova. – Bolalar adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha hikoyalarimni topshirdim. O‘zim ham doimo bolalar uchun ijod qilayotgan adiblarning asarlarini o‘qiyman. Saralash bosqichida ustozlar bilan yuzma-yuz bo‘lish, ularning maslahatlarini tinglash maroqli.
Hakamlar hay’ati yosh ijodkorlarning an’anaviy «Zomin - 2023» tanloviga taqdim etgan ijodiy ishlarini ko‘rib chiqdi. Har bir nomzod bilan bevosita muloqot o‘tkazildi. Ularga o‘z maslahatlarini berishdi.
- Taqdim etilayotgan ijod namunalaridan ko‘rinyaptiki, yoshlar mumtoz va jahon adabiyoti durdonalarini ko‘proq o‘qishi lozim, - deydi taniqli yozuvchi Luqmon Bo‘rixon. – Shundagina yozayotgan hikoyalari quruq bayonchilikdan iborat bo‘lib qolmaydi. Ammo ular ichida chinakam iste’dodlar ham bor. Ushbu seminardan maqsad ana shunday yoshlarni saralab olish aslida.
Hududiy saralash bosqichida o‘ndan ortiq jizzaxlik va o‘ttizga yaqin samarqandlik ishtirokchilar qatnashdi.
Jasurbek ShUKUROV.