Zurab Pololikashvili: O‘zbekiston sayyohlik yo‘nalishlari orasida o‘sib borayotgan yulduz sifatida keng e’tirof etilmoqda
Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO) bosh kotibi Zurab Pololikashvili O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan ma’qullangan "2027 yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili" rezolyusiyasi munosabati bilan o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdi. Pololikashvili bilan intervyu "Dunyo" AAda e’lon qilindi.
– O‘zbekiston tashabbusining global miqyosdagi ahamiyatini belgilovchi uchta asosiy omil nima deb o‘ylaysiz? Va bu rezolyusiya O‘zbekiston uchun qanchalik muhim?
– 2027 yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilinishi sayyoramizni xavfsiz, mustahkam tinchlik va barcha uchun farovonlik makoniga aylantirish uchun sayyohlik sektori yangi imkoniyatlarni o‘rganish va amalga oshirish uchun noyob imkoniyat yaratadi. O‘zbekistonning mazkur rezolyusiya tashabbusi bilan chiqishi mamlakatning barqaror va xavfsiz turizm industriyasini rivojlantirishga qat’iy intilishidan dalolat beradi. Bu turizmni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, uning iqtisodiy farovonlik, ijtimoiy inklyuzivlik, tinchlik va barqarorlik, madaniy merosni, biologik xilma-xillikni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qo‘shayotgan ulkan hissasini oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Xalqaro yil barqarorlikni ta’minlash va mustahkamlashning hayotiy muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi. Ushbu tamoyillar BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2022 yil dekabr oyida qabul qilingan "Kambag‘allikni bartaraf etish va atrof-muhitni muhofaza qilish uchun barqaror va yashovchan turizmni, shu jumladan ekoturizmni rivojlantirish" rezolyusiyasida ham mustahkamlangan. U YuNVTO hisobotiga asoslanib, birinchi marta COVID-19 pandemiyasining butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar uchun daromad manbai bo‘lgan turizmga nisbatan misli ko‘rilmagan muammolar sharoitida barqarorlikni eng ustuvor vazifa sifatida belgiladi.
So‘nggi paytlarda milliy va global rivojlanish strategiyalarida turizmning o‘rni izchil ortib bormoqda. BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibi va Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) kontekstida Xalqaro yil jahon hamjamiyatiga barqaror va yashovchan turizmni rivojlantirish bo‘yicha rejalar hamda strategiyalarni qabul qilish, shuningdek, sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha global rivojlanish kun tartibini amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlarni kuchaytirishga yo‘l ochadi.
– O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida fikringizni bilmoqchiman. 2030 yilga borib O‘zbekiston har yili 15 million xorijiy sayyohni qabul qilishni rejalashtirmoqda. Sizningcha, mamlakat ushbu maqsadlarga erisha oladimi va turizm xizmatlarini yaxshilash uchun hali nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?
– O‘zbekiston turizm sohasida ulkan salohiyatga ega, deb hisoblayman va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida hukumat tomonidan ushbu sohani jadal rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganidan g‘ururlanaman. O‘zbekistonning madaniy merosi va betakror tabiati bugun hammaga yaxshi ma’lum. Biroq, o‘zbek xalqining ajoyib milliy taomlari, o‘ziga xos an’ana va urf-odatlari, mehmondo‘stligi haqida ham tobora ko‘proq bilishmoqda.
So‘nggi yillardagi ajoyib natijalarni hisobga olsak, 15 million sayyohni jalb qilish maqsadiga, albatta erishish mumkin. Ushbu mamlakatga 2012 yilda xorijlik sayyohlar soni 1,9 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, pandemiyagacha bu ko‘rsatkich 6,7 millionga yetdi. Respublika, shuningdek, inqirozdan yaxshi xalos bo‘lganini ko‘rsatdi. O‘zbekiston 2019 yilda tashrif buyuruvchilar soni bo‘yicha dunyoda 49-o‘rindan 2022 yilda 39-o‘ringa ko‘tarildi. 2023 yilning birinchi yarmidagi ma’lumotlar turizmning to‘liq tiklanishi va xalqaro tashrif buyuruvchilar soni bo‘yicha pandemiyagacha bo‘lgan darajaga qaytganini ko‘rsatdi. 2023 yil sentyabr oyiga kelib turizmdan tushgan daromad 2019 yil darajasidan 30 foizdan oshib ketdi.
Hukumatning turizmni yanada rivojlantirish, uni milliy iqtisodiyotning haqiqiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish borasidagi ulkan rejalaridan yaxshi xabardorman. Men bu sa’y-harakatlarni yuksak qadrlayman va shuni ta’kidlamoqchimanki, Butunjahon sayyohlik tashkiloti bu borada O‘zbekistonga yordam berishga tayyor. Shuningdek, men mamlakat sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, mahalliy hamjamiyat va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, turizm ta’limini rivojlantirish va bu sohada tan olingan mintaqaviy yetakchiga aylanish kabi maqsadlarga erishishiga va ulardan oshib ketishiga qat’iy ishonaman.
– So‘nggi 6 yil ichida O‘zbekiston sayyohlik brendi qanchalik mashhur bo‘ldi deb o‘ylaysiz?
– Sir emaski, O‘zbekiston sayyohlik yo‘nalishlari orasida o‘sib borayotgan yuzduz sifatida keng e’tirof etilgan hamda o‘zining boy, betakror madaniy va tarixiy merosiga asoslangan noyob turizm yo‘nalishlari bilan yangi jahon bozorini kutib olishga tayyor.
Buning eng yaxshi isboti – O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar sonidir. Masalan, 2016 yilda mamlakatga ikki million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2019 yil, pandemiyadan oldin – 6,7 million kishi borgan. 2023 yilda bu ko‘rsatkich 5,2 millionni tashkil etdi. Men bu yilgi ko‘rsatgichlar 2019 yilgi natijalardan oshib ketishini kutyapman.
Hukumati so‘nggi 5-6 yil ichida 100 ga yaqin davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etgan mamlakatning xayrixohligini alohida ta’kidlamoqchiman. Shu tariqa, O‘zbekistonning jozibadorligi ko‘plab raqobatbardosh omillar, ya’ni brending, shuningdek, viza rejimini soddalashtirish, infratuzilmani rivojlantirish yoki xalqaro tadbirlarni jalb etish imkoniyatlarining yuqoriligi nuqtai nazaridan oshdi. Yaqinda «Forbes» jurnali O‘zbekistonni 2024 yilda eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishlari ro‘yxatiga kiritdi.
– O‘tgan yil oktyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan YuNVTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surgan edi. Jahon miqyosida turizmni rivojlantirishda ularning rolini qanday baholaysiz?
– Ayni damda YuNVTO O‘zbekistonning mas’ul vazirlik va idoralari bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilayotganini mamnuniyat bilan qayd etish kerak. Ular orasida "Ipak yo‘li" mukofotini ta’sis etish, "yashil" va arzon turizmni rivojlantirish va boshqa ko‘plab masalalarni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Qayd etish kerakki, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan yaqinda qabul qilingan "2027 yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili" deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyusiyasi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan o‘tgan yili Samarqandda bo‘lib o‘tgan YuNVTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida bildirilgan global tashabbuslarning bir qismi hisoblanadi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashabbuslar nafaqat sayohatning turli turlarini rivojlantirishni qamrab olgani, balki ta’limdan tortib, mahalliy sektorni qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan butun sohani rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgani bilan ham jahon turizmi uchun muhim ahamiyatga ega. Ularning amalga oshirilishi hech kimni ortda qoldirmaslik tamoyili asosida turizmning afzalliklarini barcha manfaatdor tomonlar o‘rtasida adolatli taqsimlash imkonini beradi. Bundan tashqari, turizm ko‘pchilik uchun najot manbasiga aylanadi va shu bilan ham iqtisodiyotni, ham insoniyat manfaati uchun o‘zaro tushunish va boyitishni rag‘batlantiradi.