Liviya dorilfununida ikki yil ichida o‘n yillik bilimni egallagan o‘zbekistonlik talaba kim edi?

Bir kuni Liviyadan kelgan doktor Ibrohim Rufayda degan olim bilan diniy idorada uchrashuv bo‘ldi. U kishi jurnalistlarga xos sirli uslubda gapni bir voqeadan boshladilar.

Ma’lum bo‘lishicha, u kishi ishlayotgan dorulfununga bir talaba o‘qishga keladi. Niyati “Tafsir” kulliyotida o‘qish ekan. Biroq, bu kulliyotning talabalari ikki yil oldin o‘qishni boshlab yuborishgan, yangi guruh ikki yildan keyin tuzilar ekan. Shunda talaba amaldagi guruhga qo‘shishsa o‘tgan ikki yillik o‘quv dasturini yetkazib olishga va’da beradi. Gap‑so‘zlari qat’iy ekanligini sezib, yurtiga qaytib ketsa yana kela oladimi-yo‘qmi shu tomonlarini o‘ylab tavakkal o‘qishga qabul qilishadi. O‘zlashtirsa‑o‘zlashtirar, bo‘lmasa yangi guruhdagilar bilan o‘qiyveradi‑da degan xayolga ham borishadi.

Oradan ikki yil o‘tib, o‘qishlar tugaydi, shunda doktor Ibrohim Rufaydaning yodiga “yetkazib olaman” degan yigit tushadi va uning bitiruv ilmiy ishini sinchikovlik bilan ko‘zdan kechiradi va hayron qoladi. Talaba ikki yil orasida nafaqat oldingi ikki yillik bilimni, balki o‘n yillik bilimni o‘zlashtirganiga guvoh bo‘ladi. Shundan keyin ikki yil ichida o‘n yillik bilimni egallagan talabaning ilmiy ishi deb, hammaning ko‘zi tushadigan oynavand joyga ibrat uchun qo‘yib qo‘yishadi.

- Bu kim edi? - deb doktor o‘ziga o‘zi savol qildi va javobini ham o‘zi berdi. - Bu yigit Liviya dorulfununining Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ism-sharifli tolibi edi.