Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

17 yoshli o‘smir yoshlar ittifoqi kafilligida jazodan ozod etildi

Tahlillarga ko‘ra, aksariyat jinoyatlar uyushmagan, ishsiz yoshlar tomonidan sodir etilmoqda.

Samarqand shahrida yashovchi Sherxon Yorbekov 17 yoshda. U yoshlikning gashtini suradigan paytda to‘g‘ri yo‘ldan adashdi. Qarzlarini qaytarish uchun o‘zgalarning mulkiga ko‘z olaytirgan D.Javotovga "ko‘mak berish" maqsadida o‘g‘rilikka qo‘l urdi. Tuzilgan jinoiy rejaga asosan, D.Javotov va Sh.Yorbekov 2018 yil 8 oktyabr kuni soat 02:30 larda Samarqand shahar, S.Buxoriy ko‘chasida turgan N.Muxtorovga tegishli "Neksiya" rusumli avtotransport vositasining orqa yukxonasini ochib, 10 million so‘mlik asbob-uskunalarni o‘g‘irladi.

Bundan tashqari, ular 2018 yil 14 oktyabrdan 15 oktyabrga o‘tar kechasi soat 02:30 da Samarqand shahar, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi, 9-uy, 43-xonadonda yashovchi A.Gaykazyanning uyi yaqinidagi temirdan yasalgan omborxonasi eshigi qulfini buzib, u yerdan ikkita velosiped va bitta drel uskunasini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashirindi.

Olib borilgan tezkor harakatlar jarayonida ularning qilmishlari fosh etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida D.Javotov va voyaga yetmagan Sh.Yorbekovning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud jarayonida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakili tomonidan Sh.Yorbekovga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash, kelgusida ushbu fuqaroni kafillikka olish taklifi bildirildi va bu haqda kafolat xati taqdim qilindi.

Sud D.Javotovga qonuniy jazo berdi. Sh.Yorbekovga esa qilmishini o‘zi to‘la anglamagan holda sodir etgani va muqaddam sudlanmaganini inobatga olib, unga nisbatan qo‘llanilgan jazoni bekor qildi. Sudlanuvchi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi kafilligida sud zalidan ozod etildi.

Ilhom HAMIDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

viloyat sudining sudyasi.