Past Darg‘omda qaynonasini o‘ldirib, jazodan qochib yurgan kuyovga hukm o‘qildi

Mohiniso (ism-familiyalar shartli) asli yurish-turishi bejo Asliddinni “odam” qilaman, deb adashgandi. Qismatida bor ekan, turmush o‘rtog‘iga qarab o‘tirmay, ro‘zg‘orini butlash maqsadida xorijga ketmaganida balki...

Voqea 2006 yil Past Darg‘om tumanida bo‘lgan. O‘sha kuni ham soat o‘n bo‘lishiga qaramasdan, kechagi kayfi tarqamagan Asliddin to‘shakda cho‘zilib yotardi. Eshikning ketma-ket taqillashidan erinib o‘rnidan turdi. Qaynonasi kelgan ekan.

- Hoy kuyov bola, bu qizim bechora birim ikki bo‘lsin, deb Rossiyada izillab yuribdi, bu nima ahvol, - kirishi bilan baland ovozda nasihat boshlagan qaynona darrov “javobi”ni oldi.

- Uyingizda tinchgina o‘tirsangiz bo‘lmaydimi, kallai saharlab tinchimni buzganingiz yetmagandek, endi tergashingiz yetmay turuvdi.

Qizidan kelgan pul kamlik qilganday, uyidagi narsa-buyumlarni ham arzon garovga sotib, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kuyovning gapi qaynonaga og‘ir botdi. Shu bois u bor zahrini to‘kib soldi. Asliddin ham jim o‘tirgani yo‘q, qaynonasidan oshib tushdi.

Alamiga chiday olmagan qaynona kosa bilan kuyovining yuziga urib yubordi. Bundan g‘azablangan Asliddin qaynonasini qasddan o‘ldirish niyatida Mastura onaning yuzi, burni va jag‘ sohalariga bir necha marotaba urdi. Qaynonasining kuchli zarblardan yiqilib, og‘ir tan jarohati tufayli iztirob chekayotganini anglasa ham Asliddin o‘zining jinoiy maqsadini oxiriga yetkazishga urindi va ojiz ahvoldagi Mastura onani tepkilay  boshladi.

Olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida Mastura ona hodisa joyida vafot etadi. Shundan so‘ng Asliddin kiyimlarini almashtiradi va uyni qulflab hodisa joyidan yashirinadi. Fuqarolik pasportiga ega bo‘lmagani bois aylanma yo‘llar orqali Qozog‘iston Respublikasiga o‘tib ketadi. 2014 yil davlat chegaralarini kesib o‘tish qoidalarini takroran buzib, ota-onasining uyiga keladi. Qidirilayotganidan xabar topgach, yana aylanma yo‘llar bilan Qozog‘istonga qaytadi.

Xalqimizda “Buzoqning yugurgani somonxonagacha”, degan naql bor. Asliddin ham buning naqadar haq gapligiga o‘z taqdiri misolida guvoh bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining ochiq sud majlisida unga 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

G‘.NEGMATOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi.