Jazodan maqsad - shaxsni axloqan tuzatish va qayta jinoyat sodir etishining oldini olish
Sudlar tomonidan har qanday jinoyat uchun adolatli jazo tayinlanishi odil sudlovning muhim kafolati. Nega deganda, adolatli jazo undan ko‘zlangan maqsad – mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga to‘sqinlik qilish hamda mahkum va boshqa shaxslar tomonidan yangi jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur tamoyil sodir etilgan har qanday jinoyat turiga tegishli bo‘lib, ayniqsa, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun ikki karra ahamiyatli. Chunki korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikni belgilash va jazo tayinlash, ya’ni korrupsiyaga qarshi kurashning jinoyat-huquqiy va jinoyat-protsessual mexanizmlari haqida fikr yuritganda, ushbu atamaning mohiyatini anglab olish muhim ahamiyatga ega.
Birlashgan Millatlar tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga ko‘ra, korrupsiya - bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illat sanaladi. U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlarining buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi. Hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalarning ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Aksariyat odamlar korrupsiya so‘zini tor ma’noda, ya’ni mansabdor shaxslarning o‘z mansab mavqeidan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanib, sodir etadigan poraxo‘rlik bilan bog‘liq qilmishi sifatida tushunadi.
Bu esa ushbu tushunchaning mohiyatini to‘laqonli anglash imkonini bermaydi. Korrupsiya so‘zi asli lotincha “corruptio” so‘zidan olingan bo‘lib, “buzilish” degan ma’noni anglatadi.
Mamalakatimizning amaldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga ko‘ra, korrupsiya - shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab, moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida, qonunga xilof ravishda foydalanishi, shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish.
Demak, keng ma’noda, korrupsiya deganda - bu mansabdor shaxs yoki davlat xizmatchilarining nafaqat poraxo‘rlik jinoyatlariga oid qilmishlari, balki o‘zlarining mansab yoxud xizmat mavqeini suiste’mol qilib, shaxsiy yoki boshqa shaxslarning manfaatlari yo‘lida siyosiy homiylik, mahalliychilik, tanish-bilishchilik, urug‘-aymoqchilikka yo‘l qo‘yishi ham nazarda tutiladi.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik deganda esa korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish tushuniladi.
Shunga ko‘ra, Jinoyat kodeksidagi korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar toifasiga 167-modda (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-modda (firibgarlik), 192(2)-modda (tijoratda pora evaziga og‘dirib olish), 192(10)-modda (nodavlat-tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish)ni iqtisodiyot sohasidagi korrupsiyaga oid jinoyatlar; 205-modda (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiste’mol qilish); 206-modda (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish); 208-modda (hokimiyat harakatsizligi); 209-modda (mansab soxtakorligi); 210-modda (pora olish); 211-modda (pora berish); 212-modda (pora olish berishda vositachilik qilish)ni boshqaruv tartibiga qarshi korrupsiyaga oid jinoyatlar; 236-modda (tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish), 238-modda (yolg‘on guvohlik berish), 241-modda (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) kabilarni sudlovga qarshi korrupsiyaga oid jinoyatlar; 243-modda (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)ni jamoat tartibiga qarshi korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiritish mumkin.
Amaldagi Jinoyat kodeksida korrupsiya bilan bog‘liq ushbu jinoyatlar uchun turli xil javobgarlik doirasi va jinoiy jazolar belgilangan.
Xususan, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish tegishli holatlar mavjud bo‘lganida o‘ta og‘ir jinoyatlar sifatida 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan (maksimal) jazolanishi mumkin.
Shu bilan birga, jinoyatlarning sodir etilish usuli, sabablari, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, aybdorning shaxsi, shuningdek, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni inobatga olib, sud aybdor shaxsga jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash, xizmat bo‘yicha cheklash kabi muqobil jazolarni ham tayinlashi mumkin.
Masalan, pora olish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora olish takroran, xavfli retsidivist tomonidan, ko‘p miqdorda, tamagirlik yo‘li bilan yoki bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora olish juda ko‘p miqdorda yoki uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qonunda ayni shu tarzda boshqa jinoyatlar uchun ham turli jazo choralari nazarda tutilgan bo‘lib, sudlar har bir holatda aybdor shaxsga uning axloqan tuzalishi, jinoiy faoliyatni davom ettirishiga to‘sqinlik qilish hamda yangi jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga erishish uchun zarur va yetarli jazo choralarini qo‘llashi mumkin.
Shu bilan birgalikda, sud sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlarni e’tiborga olib, alohida hollarda Jinoyat kodeksining Maxsus qismi moddasida nazarda tutilgan jazoning eng kam qismidan ham kamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazoni tayinlashi mumkin.
Sodir etilgan qilmish xususiyatlarini ifodalovchi holatlar, ya’ni aybdorning shaxsi, aybning shakli va darajasi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, shaxsning jinoyat sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvori jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb topilishi mumkin.
Albatta, sudlar tomonidan ushbu xavfli qilmishga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan adolatli va qonuniy jazo tayinlanib kelinmoqda.
Yuqoridagi moddalar bilan aybdor deb topilgan shaxslarga ham turli jazo choralari qo‘llanilib, sudlar har bir holatda aybdor shaxsga uning axloqan tuzalishi, jinoiy faoliyatni davom ettirishiga to‘sqinlik qilish hamda yangi jinoyatlar sodir etilishining oldini olish uchun zarur va yetarli jazo choralari tayinlangan.
Shu nuqtai nazardan, korrupsiyaga oid jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash, chek qo‘yish, oqibatlarini, imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Prezidentimizning joriy yil 24 yanvarda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida bugungi kunda islohotlarimiz samarasi ko‘p jihatdan to‘rtta muhim omilga, ya’ni qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashish, konstitutsional salohiyatni yuksaltirish va kuchli demokratik institutlarni shakllantirishga bog‘liqligi ta’kidlanib, bu borada, avvalo, sud mustaqilligini to‘liq ta’minlash eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘lishi zarurligi alohida qayd etildi.
Xulosa o‘rnida aytish kerakki, odil sudlov har qanday jinoiy qilmishga huquqiy baho beradi.
Zarifa AHMEDOVA,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.