Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab yurgan otaning qarzi 52 million so‘mdan oshib ketgan

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining sud hujjatiga asosan qarzdor B.Ya. tomonidan undiruvchi N.N.ning foydasiga bir nafar farzandining voyaga yetguniga qadar moddiy ta’minoti uchun har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment pulini to‘lab borishi belgilangan.

Qarzdor B.Ya. aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganligi sababli Kattaqo‘rg‘on tumanlararo ma’muriy sudining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47(4)-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Fuqaro B.Ya. ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqib, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan.

Bugungi kunga kelib uning qarzdorligi 52 million 330 ming so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosining Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan fuqaro B.Ya.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

MIB Samarqand viloyati boshqarmasi.