Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

700 nafardan ortiq eronlik koronavirusdan himoyalanish maqsadida metanol ichib vafot etdi

Eronda 700 dan ortiq odam COVID-19 infeksiyasidan himoyalanish uchun metanol (texnik spirt) ichib vafot etdi. Bu haqda Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi maslahatchisi Xosseyn Xasanianning so‘zlariga tayanib, Associated Press agentligi xabar qildi.

Agentlikda ta’kidlanishicha, Xasanian keltirgan raqamlar vazirlik taqdim etgan raqamlardan ko‘p. Vazirlik maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, raqamlarning farqlanishiga sabab metanol ichgan ko‘plab odamlar kasalxonaga kelmasdan, uylarida vafot etgan. Kasalxonadan tashqarida 200 nafarga yaqin odam hayotdan ko‘z yumgan.

Avvalroq Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili 20 fevral sanasidan buyon mamlakatda 525 nafar odam metanol ichish oqibatida vafot etganligini ma’lum qilgan edi. Shu bilan birga spirt koronavirusga shifo bo‘la olishi to‘g‘risidagi mish-mishlarga ishonib, jami 5 ming nafardan ortiq eronliklar metanoldan zaharlangani aytilmoqda. Ularning taxminan 90 foizida qisman yoki butunlay ko‘z ko‘rmay qolishi kuzatilmoqda.

Eronda texnik spirt ichish oqibatida vafot etganlar haqidagi xabarlar dastlab mart oyida tarqaldi. Ta’kidlanishicha, eronliklar koronavirusdan himoyalanish uchun oddiy spirt o‘rniga adashib, tibbiy spirt ichishmoqda.