Eron orbitaga sun’iy yo‘ldosh chiqardi: G‘arb nimadan xavfsiramoqda?

Yaqin Sharqda keskinlik kuchaygan bir paytda Eron koinotga navbatdagi muvaffaqiyatli qadam tashladi.

«Qaem 100» raketasi «Surayya» yo‘ldoshini orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqdi. 

Yangi kosmik muvaffaqiyat Yaqin Sharqda keskinlik kuchaygan bir paytda va Eron va Pokiston havo hujumlarini almashganidan bir necha kun o‘tib e’lon qilindi.

Qo‘shma Shtatlar avvalroq Eron sun’iy yo‘ldoshi uchirilishi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyusiyasiga zid ekanini aytgan va Tehronni yadroviy ballistik raketalar bilan bog‘liq hech qanday chora ko‘rmaslikka chaqirgan edi. Eronning ballistik raketa dasturi bilan bog‘liq BMT sanksiyalari o‘tgan yilning oktyabrida tugagan.

Qit’alararo ballistik raketalar yadro qurolini yetkazib berish uchun ishlatilishi mumkin. Jahon kuchlari bilan yadroviy kelishuv buzilganidan keyin Eron qurol darajasiga yaqin uran ishlab chiqarishni boshladi. Agar Tehron ishlab chiqarishga qaror qilsa, “bir nechta” yadroviy qurol yaratish uchun yetarli darajada boyitilgan uranga ega, deya ogohlantirgan Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari.

Ammo Eron har doim yadroviy qurolga intilayotganini rad etib keladi va yadroviy faoliyati kabi kosmik dasturi ham faqat fuqarolik maqsadlarida ekanligini ta’kidlab keladi.

Biroq, AQSh razvedka idoralari va MAGATE Eronning uyushgan harbiy yadro dasturiga ega ekanligini da’vo qilmoqda.

2019 yil fevral oyida Imom Humayniy kosmodromidagi yong‘inda uch tadqiqotchi halok bo‘lgan edi. O‘sha yil oxirida uchirish maydonchasida raketa portlashi AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Trampning e’tiborini tortdi va u AQSh kuzatuv saytidan olingan fotosuratni ko‘rib tvit orqali Eronni masxara qilgan.

Dekabr oyida Eron hayvonlarni orbitaga olib chiqishga qodir kapsulani yubordi va yaqin yillarda odamlarni koinotga yuborishga tayyorlanmoqda.