Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Adolat qayerda yoxud 105 nafar talaba nega kursdan qoldirildi?

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining bir guruh talabalari 2018/2019 o‘quv yilining ikkinchi semestrida belgilangan fanlarni o‘zlashtirolmagach, kursdan qoldirilgan. Bundan norozi talabalar “Adolat bo‘lsin” nomli telegram kanali ochib, kafedra mudiri Zafar Sunnatovning yozgi semestrda bo‘lgan imtihon natijalarini adolatsiz baholagan va shaxsiy adovati tufayli 160 nafar talabani nohaq kursdan qoldirdi, deya shikoyat qilishgan.

Aniqlanishicha, institutdagi 6 ta fakultetdan 5 tasida talabalarni kursdan qoldirish bo‘yicha buyruq chiqarilgan. Faqat murojaatda yozilganidek, 160 nafar emas, balki 105 nafar talaba fanlarni o‘zlashtira olmagani (akademik qarzdor bo‘lgani) uchun institut rektori buyrug‘i bilan kursdan qoldirilgan.

Talabalar xolisligiga shubha qilgan Zafar Sunnatov mudirligidagi foydali qazilma konlar geologiyasi va qidiruv razvedkasi kafedrasi tomonidan 42 nafar talaba o‘qituvchining ularga nisbatan shaxsiy adovati tufayli emas, aksincha, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 5-bob, 37-bandi talablariga ko‘ra kursdan qoldirilgan.

Institut ma’muriyati akademik qarzdorligi bor talabalarga fanlarni o‘zlashtirishi va o‘qishni davom ettirishlari uchun to‘rt marotaba imkoniyat bergan, ularning ota-onalarini ogohlantirgan, imtihonlarni qayta topshirishlari uchun zarur sharoit yaratgan. Afsuski, talabalar berilgan imkoniyatni suiiste’mol qilishgan.

Institut rektori norozi talabalar va ularning ota-onalari bilan uchrashgan. Kursdan qoldirilganlar orasida fanga aloqador savollarga javob berish u yoqda tursin, hattoki, o‘zi tahsil olayotgan ta’lim yo‘nalishi yoki fanning nomini to‘liq aytib berolmaydigan talabalarning bo‘lishida nafaqat loqayd talabalar, balki ularning ota-onalari, professor-o‘qituvchilarning ham aybi bor.

Norozi talabalarning bir o‘qituvchi o‘rniga ikkinchisi darsga kirishi, sinovdan o‘tolmaganlar ro‘yxatida ikki kishining “tushib” qolishi yoki kimlardir 500 $, 800 $ va hattoki 1000 $ gacha “gaplashib” hal qilayotgani haqidagi e’tirozlari ham tasdiqlanmadi. 

Haqiqatdan, geologiya va konchilik fakultetidan joriy o‘quv yilining shu kuniga qadar 10 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi vazirlik tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq malaka oshirishga yuborilgan. Malaka oshirishga jalb qilingan pedagogning o‘rniga uning darsini hamkasbi o‘tishiga oliy ta’lim muassasasidagi tartib-qoidalar imkon beradi.

Institutda 410 soat dars qoldirgan talaba yo‘q. Tengdoshlarida shubha uyg‘otgan J.Toshev va Sh.Safarovlarga esa akademik qarzdorlik uchun qayta topshirilgan imtihonlar davrida kasal bo‘lganligi va buni tasdiqlovchi ma’lumotnoma fakultet rahbariyatiga taqdim etilgani uchun amaldagi tartibga binoan 2 hafta muhlat berilgan. Bu qarzdor talabalarning kursdan kursga o‘tganini bildirmaydi, ular 5 tadan 8 tagacha fandan imtihon topshiradi va imtihon natijasiga ko‘ra qaror qabul qilinadi.

Kursda qoldirilgan talabalar “Ustozimiz Z.Sunnatov 5 oydan keyin nafaqaga chiqarkan, uni eslab yurishimiz uchun bizni yiqityapti”, deya yozg‘irgan “keksa” pedagog Zafar Sunnatov aslida 1972 yilda tug‘ilgan. Ayni kuchga to‘lgan yoshdagi texnika fanlari nomzodi, dotsent, yoshlarga bilim berish ishtiyoqi bilan yonayotgan o‘qituvchilardan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 maydagi farmoniga muvofiq 2019 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida oliy ta’lim sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirilmoqda.

"Vazirlik tomonidan bu illatga qarshi kurashish yo‘lida ko‘rilayotgan qat’iy choralar, joylarda nafaqat ayrim pedagoglar balki ba’zi talabalar ham shaffof va adolatli baholash tizimiga tayyor emasligini ko‘rsatmoqda. Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutidagi holat buning yaqqol tasdig‘idir", deyilgan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabarida.