Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aliment to‘lamagan otaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining qaroriga ko‘ra, fuqaro I.N. o‘zining uch nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun sobiq turmush o‘rtog‘i A.N.ning foydasiga daromadlarining ikkidan bir qismi miqdorida aliment pulini to‘lab borishi belgilangan.

Biroq I.N. o‘zining farzandlari ta’minotiga befarq bo‘lib, aliment to‘lovlaridan yig‘ilib qolgan 10 million so‘mdan ortiq qarzdorlikni to‘lab berishdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan.

U ilgari jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudining hukmiga ko‘ra, u muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoiy jazoga tortilgan. Jazoni o‘tab bo‘lgandan keyin ham I.N. o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olmagan. 2019 yil mart oyida uning voyaga yetmagan farzandlari moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lovlaridan qarzdorligi 9,9 million so‘mni tashkil qilgan. Shu bois Majburiy ijro byurosi Urgut tumani bo‘limi tomonidan to‘plangan materiallar asosida tuman ma’muriy sudi uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47(4)-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortgan.

Lekin I.N. bu jazodan ham o‘ziga xulosa chiqarmasdan, voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta’minlashdan muttasil, qasddan bosh tortib kelganligi sababli Majburiy ijro byurosi Urgut tumani bo‘limi tomonidan unga nisbatan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.