Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Alisher Usmonov Sardobadagi suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun 10 million dollar ajratdi

Asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov “Sardoba” suv omborida sodir bo‘lgan fojia oqibatlarini bartaraf etish uchun O‘zbekistonga 10 million AQSh dollari o‘tkazdi.

U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yozgan xatida bu haqda ma’lum qildi.

"Bolaligim va yoshlik yillarim o‘tgan ona yurtimdagi aka-ukalarim va opa-singillarim bilan hozirgi epidemiologik qiyinchiliklarga sherik bo‘lar ekanman, “Sardoba” suv omborida sodir bo‘lgan fojia haqidagi xabarni, shuningdek, uni odamlarimiz munosib va mardona qabul qilganligini qalbimda og‘riq bilan his qildim.

Muqaddas Ramazon oyida Allohning o‘zi meni Vatanimga chorladi. Zero bu kunlarda biz yordamga muhtoj odamlarga alohida g‘amxo‘rlik qilishimiz va ko‘mak berishimiz kerak. Biz quvonchli damlarda ham, boshga g‘am-tashvish tushganda ham, bir-birmizni yelkama-yelka turib qo‘llab-quvvatlaymiz.

Men xalqimizning taqdiriga befarq qarab tura olmayman va shu sababli suv toshqinidan jabrlanganlar turmushini tiklash va yaxshilash, talafot oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etishga yordam ko‘rsatish uchun 10 million dollar beryapman.

Men xalqimizning duolariga qo‘shilib, ularning boshiga tushgan kutilmagan sinovlardan tezroq xalos qilishini Allohdan so‘rayman".

Alisher Usmonov, shuningdek, suv toshqini oqibatida evakuatsiya qilingan Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maqtaaral tumanidagi 30,42 ming kishiga yordam uchun 5,202 million dollar o‘tkazib berdi.