Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

AQSh kompaniyasi Yer sharining hamma joyini sun’iy yo‘ldoshlar orqali internet bilan ta’minlamoqchi

AQSh kompaniyasi tomonidan Yer sharini internet bilan ta’minlashni maqsad qilgan loyiha muvaffaqiyatli boshlandi. Sun’iy yo‘ldoshlar ortilgan raketa tashuvchi muvaffaqiyatli uchirildi.

AQShning  SpaceX kompaniyasi matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, fazoga 60 ta sun’iy yo‘ldoshni olib chiqishi lozim bo‘lgan Falcon 9 raketa tashuvchisi Floridadagi kosmodromdan muvaffaqiyatli uchirildi.

Ushbu sun’iy yo‘ldoshlar Yer sharini o‘rab olib, internet xizmati bilan ta’minlaydigan Starlink loyihasining bir bo‘lagi sifatida fazoga olib chiqildi.

Xabarda yozilishicha, raketa tashuvchi Florida yarimorolidagi Kanaveral burnidagi kosmodromdan juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:30 da uchirilgan.

Raketa tashuvchi fazoga olib chiqqan har bir sun’iy yo‘ldoshning og‘irligi 227 kg ni tashkil etadi. Shuningdek, uni ishlatadigan quyosh batareykasi va antenna qurilmalari bo‘lgan.

Sun’iy yo‘ldoshlarni Yerdan 550 km balandlikda fazoga qo‘yib yuborish mo‘ljallangan. Ularning Yerdan buncha balandlikda qo‘yib yuborilishining sababi, ular ko‘proq hududni qamrab olishlari uchun shunday qilindi.

Kompaniya rahbari Ilona Maskning so‘zlariga ko‘ra, "Starlink missiyasi uchun fazoga olib chiqilgan 18.5 tonna yuk SpaceX uchun eng og‘ir yuk bo‘lgan".

SpaceX kompaniyasining mutaxasislari ilk marta avval foydalanilgan raketa tashuvchisidan qayta foydalanishga muvaffaq bo‘ldilar.  Falcon 9 raketa tashuvchisi o‘tgan yil aprel oyida ham fazoga muvaffaqiyatli ko‘tarilgan edi. Mutaxasislar bu ishni endi boshlanayotgan ishlarning muvaffaqiyatli debochasi deb baholamoqdalar.