Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Asteroidlar qanchalik xavfli?

Ahyon-ahyonda jahon matbuotida insonlarda katta qo‘rqinch hosil qiluvchi xabarlar paydo bo‘lib turadi. Nima emish, “Yerimizga juda katta kosmik jism yaqinlashib kelmoqda. Uning Yer bilan to‘qnashishi ehtimoli juda katta. Agar to‘qnashadigan bo‘lsa, ana unday bo‘ladi, mana bunday bo‘ladi” va hokazo...

Bu gaplarda qanchalik jon bor? Yerimizga kelib uriladigan kosmik jism o‘zi nima? Albatta, bunday xabarlarda biroz bo‘lsa-da, jon bor. Insoniyat tarixida bir necha bor kosmik jismlarning Yer bilan to‘qnashgan paytlari bo‘lgan. Yaqin-yaqinlarda Yerda oxir zamon (apokalipsis) yuz beradi degan xabarlarni ko‘pchiligimiz eshitganmiz.

Masalan, shunday xabarlardan birida 2012 yil dekabr oyida oxir zamon yuz berishi to‘g‘risida dunyoda qanchalik sarosimalar yuzaga kelgandi. Yana bir misol, shunday xabarlardan biri 2004 yil matbuotda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu xabarga ko‘ra, Apofis nomli asteroidning Yer bilan to‘qnashish ehtimoli juda katta bo‘lgan. Olimlarning aytishicha, bu asteroid Yer bilan 2036 yilda to‘qnashishi ehtimoli yuqori. Lekin bu asteroid 2013 yil yanvarida yerimizga yaqinlashib, undan 14 million kilometr narida o‘tgandan keyin NASA olimlari kelajakda bu asteroidning yer bilan to‘qnashishi ehtimolini eng minimumga tushirishgan.

Xudo ko‘rsatmasin, mabodo bu asteroid Yerimiz bilan to‘qnashganda nima bo‘lishi mumkin edi? Bu asteroidning diametri 300 metr, og‘irligi 27 million tonna atrofida bo‘lgan. Agar Yer sirti bilan to‘qnashganda edi. Bu to‘qnashuvdan 1717 megatonna trotil ekvivalentida (qariyb 1 trillion kilokaloriya issiqlik yoki AQShning 1945 yilda Yaponiyaning Nagasaki shahriga tashlagan atom bombasi 20 kt. quvvatga ega bo‘lgan bo‘lsa. Demak, 85850 ta shunaqa bomba kuchiga ega bo‘lgan) energiya ajralib chiqqan, tushish nuqtasi - epitsentrdan 10 kilometr radiusda yuzaga kelgan zilzila Rixter shkalasi bo‘yicha 6,5 ball quvvatga ega bo‘lgan, portlashdan yuzaga kelgan shamolning tezligi sekundiga 790 metrga yetgan bo‘lardi.

Kelgusi safar xuddi shunday o‘lchamdagi asteroid 2027 yilda Yerga yaqinlashadi. Lekin mutaxassislarning hisob-kitobi bo‘yicha 2070 yilgacha hech qanday kosmik ob’yekt Yerga katta xavf to‘g‘dirmas ekan.

Biz tomon uchib keladigan kosmik jismlarning nomini asteroidlar deb atashadi. Asteroidlar – ular qattiq toshlik jismlar bo‘lib, sayyoralar kabi Quyosh atrofida elliptik orbitalar bo‘yicha harakatlanadi. Ular o‘zlarining o‘lchamlari bo‘yicha sayyoralardan ancha kichik bo‘lgani uchun ularni kichik sayyoralar ham deb atashadi. Asteroidlarning diametri bir necha o‘n metrdan 1000 kilometrgacha bo‘ladi. "Asteroid" atamasi “yulduzsimon” degan ma’noni anglatib, birinchi marta XVIII asrning mashhur astronomi Uilyam Gershel tomonidan fanga kiritilgan. Shu kungacha ma’lum bo‘lgan asteroidlar Mars va Yupiter orbitalari orasida Quyoshdan 2,2-3,2 astronomik birlikda (1 astronomik birlik = 150 million kilometr) masofalarda joylashgan orbitalarda harakat qilishadi.

Hammasi bo‘lib hozirgi kunda taxminan 20000 asteroid kashf etilgan. Bularning barchasi asteroidlar belbog‘i deb ataluvchi halqa ichida o‘rtacha 20 km/sek. tezlik bilan Quyosh atrofini 3 yildan 9 yilgacha bo‘lgan vaqt ichida bir marta aylanib ulgurishadi. Aylanish orbitalari bo‘yicha orbitalari asteroidlar belbog‘ining ichki chegarasidan Quyoshga yaqinroq joylashgan asteroidlar uch guruhga bo‘linadi: Amur guruhi, Apollon guruhi va Aton guruhidagi asteroidlar. Amur guruhidagi asteroidlar Yer orbitasiga yaqinlashadi, lekin u bilan kesishmaydi. Apollon guruhidagi asteroidlar orbitalarining katta bo‘lmagan qismi Yer orbitasining ichida joylashgan bo‘ladi. Aton guruhidagi asteroidlar ko‘p “vaqti”ni Yer orbitasining ichida o‘tkazadi. Shu sababli oxirgi ikki guruh asteroidlarining sayyoramiz bilan to‘qnashuvi ehtimoli katta hisoblanadi.

Asteroidlar qandaydir sabablarga ko‘ra o‘z orbitalarini o‘zgartirib, Yer atmosferasiga kirib keladigan bo‘lsa, ular bizga shar olov bo‘lib ko‘rinadi va bolidlar deb ataladi. Yer atmosferasining zich qatlamlariga kirgach, atmosferaning ko‘rsatgan kuchli qarshiligi tufayli bu jismlar o‘zlarining o‘ta qizib ketishlari natijasida parchalanib ketadi va ulkan tovush chiqarib, Yerga qulab tushadi. Bundan hosil bo‘lgan parchalar meteoritlar deb ataladi. Kichik o‘lchamlarga ega bo‘lganlari esa Yer atmosferasida butunlay erib, bug‘lanib ketishadi.

Meteoritlar uch turda bo‘ladi: toshli, temirli va temirli-toshli. Odatda meteoritlarni ular Yerga tushgandan ko‘p vaqtlar o‘tgandan keyin topishadi. Topilgan meteoritlarning ko‘pi temirli meteoritlar bo‘ladi. Ular tarkibidagi radioaktiv elementlarning va qo‘rg‘oshinning bo‘lishiga qarab meteoritlarning yoshlari aniqlanadi. Bunday yosh turli meteoritlarda turlicha bo‘ladi. Lekin eng ko‘p yosh 4,5 milliard yil bo‘lishi mumkin. Ayrim ulkan meteoritlar katta tezlik bilan Yerga tushishi ham mumkin. Ular Yer atmosferasiga bunday katta tezlik bilan kirib kelayotganlarida juda qizib ketadi va uning tarkibidagi ayrim moddalar erib, qorayib qoladi. Ana shunday qorayib Yerga tushgan “qora tosh” meteoritning katta bo‘lagi   Makkaga qo‘yilgan va musulmonlarning sig‘inish ob’yektiga aylangan.

Meteoritlar tushganda Oydagi kraterlarga o‘xshatib, ulkan kraterlarni hosil qiladi. Dunyoning bunday eng katta va yaxshi o‘rganilgan kraterlaridan biri AQShning Arizona shtatidagi Deniyel Berrinjer krateri hisoblanadi. Bu krater bundan 50000 yil oldin yuzaga kelgan bo‘lib, uning diametri 1219 metr, chuqurligi 229 metrga teng. Portlash vaqtida undan otilib chiqqan  tuproq krater atrofidagi tekislikdan 46 metrli tepalik hosil qilgan. Bu krater fan olamiga faqat 1891 yili ma’lum bo‘lgan.

Olimlarning hisobiga ko‘ra, bunday kraterni yuzaga keltirgan kosmik ob’yektning diametri 50 metr bo‘lishi, Yer sathiga 45-60 km/sek. tezlik bilan kelib urilishi va portlash vaqtida 150 Mt trotil ekvivalent energiya chiqarishi kerak yoki AQShning 1945 yilda Yaponiyaning Nagasakiga tashlagan atom bombasi quvvatidan 8000 marta kuchli quvvatga ega bo‘lgan. Krater ichidan va tashqarisidan ko‘plab topilgan temir nikeldan tashkil topgan parchalar bu kraterning meteorit tomonidan yuzaga keltirilganligini tasdiqlagan. Hozirgi vaqtda bu krater sayyohlarni o‘ziga jalb qiladigan ob’yektga aylangan.

Vaqtida (dinozavrlar yashagan vaqtlarda) bundan-da ulkan asteroidning Yerimizga qulab tushganligi va qisqa vaqt ichida dinozavrlarning qirilib ketganligi to‘g‘risida ham fanda ma’lum bir asoslar bor. Ularning suyaklari 65 million yildan ortiq bo‘lgan geologik qatlamlarda uchraydi. Undan keyingi qatlamlarda mutlaqo uchramaydi. Bundan shunday xulosaga kelinganki, bundan 65 million yillar oldin Yerga juda katta asteroid qulagan, undan atmosferaga chang bulutlari ko‘tarilgan. Oqibatda Yerga kelayotgan Quyosh nurlari keskin kamaygan. Dastlab dinozavrlar oziqlanadigan o‘simliklar, keyin esa dinozavrlarning o‘zlari yo‘q bo‘lib ketgan.

Yerning kosmik jism bilan navbatdagi to‘qnashuvi 1908 yilning 30 iyunida Sibirning Podkamennaya Tunguska daryosi tepasida sodir bo‘lgan va bu to‘qnashuv Tungus fenomeni yoki tungus meteoriti deb ataladi. O‘sha kuni ertalab soat 7 dan 14 daqiqa o‘tganda katta olov bilan qurshalgan silindrsimon jism osmonda baland xushtaksimon tovush bilan Yer atmosferasiga kirib kelgan va kuchli portlagan. 50 megatonnalik (bu degani 2500 dona Nagasaki ustida portlagan atom bombasiga ekvivalent) kuch bilan portlashdan yuzaga kelgan zarba to‘lqinini butun jahon observatoriyalari qayd qilgan. Portlash epitsentridan yuzlab kilometrlar naridagi imoratlarning derazalari sinib otilib ketgan. 2000 kilometr kvadrat maydondagi 80 million daraxtlar ildizi bilan qo‘porilib, epitsentr  atrofiga “chizilgan” aylana yoyiga tik ravishda yotib qolgan. Epitsentrda qolgan daraxtlarning shoxlari va po‘stlari uzilib, daraxtning o‘zi kuyib, ustunga aylangan. Hosil bo‘lgan Yer silkinishi yer sharini ikki martaba aylanib chiqishga ulgurgan. Portlashdan keyin bir necha kun davomida Atlantikadan to Markaziy Sibirgacha bo‘lgan hududda osmon intensiv shu’lalanib turgan. Portlash vaqtida osmonning yoritilishi shu darajada bo‘lganki, aytaylik portlash Moskva ustida bo‘lsa, unday paydo bo‘lgan yoritilganlik Belorussiyaning, Boltiq dengiz bo‘yi davlatlarining va Ukraina hududining kechasini kunduzga aylantirganlik darajasida bo‘lgan. Portlashdan keyin 5 soat davom etgan magnit bo‘roni kuzatilgan.

Halokat rayoniga bir qancha bor sovet va xorij davlatlarining ilmiy ekspeditsiyalari tashkil qilinib, bo‘lib o‘tgan fojia tafsilotlari o‘rganilgan. Barcha o‘rganishlar shuni qayd etganki, halokat epitsentrida hech qanday krater hosil bo‘lmagan, hodisa epitsentirida ham, uning atrofida ham bironta meteorit parchalari topilmagan. Bunday natija halokatning asosiy sababchisi biror meteoritning yer bilan to‘qnashuvidan yuzaga kelmaganligini ko‘rsatgan. Agar biror kometaning yer bilan to‘qnashuvi natijasi deyilsa, kometaning kuzatilgan osmon charaqlashini yuzaga keltirolmasligiga sabab bunday xulosa qilish imkonini bermagan.

Xullas, Tungus fenomeni tabiati to‘g‘risida hozirgi paytgacha 77 ta gipotezalar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, uning asosiy sababi hozirgacha noma’lumligicha qolmoqda. Shunday gipotezalar ichida Nikola Teslaning bu holaktni tashkil etishda qo‘li bor degan fikr ham yo‘q emas. Lekin bu haqda boshqa maqolada so‘z yuritamiz.

Yaqinda, 2013 yilning 15 martida soat 9 dan 20 daqiqa o‘tganda Rossiya Federatsiyasining Chelyabinskiy shahriga diametri 17 metr, og‘irligi 10 ming tonna bo‘lgan asteroid sekundiga 18 kilometr tezlik bilan Yer atmosferasiga kirib, 25 kilometr balandlikda portlab ketgani hammamizga ma’lum. Uning portlashidan 440 kilotonna (demak, Nagasakiga tashlangan atom bombadan 22 donasining portlashiga teng) energiyalik zarba yuzaga kelgan va bu zarbadan ko‘plab inshootlar va odamlarga shikast yetgan.

O‘rni kelganda, shu zamin yashovchi insonlardan biri sifatida Yerga fazodan keladigan katta xavf to‘g‘risida fikrimni aytib o‘tmoqchiman. Jahon olimlari bu xavf to‘g‘risida ko‘pdan beri mulohaza yuritib keladi. Yer tomon kelayotgan va Yer bilan to‘qnashishi mumkin bo‘lgan ob’yektlarni unday qilib yoki bunday qilib uni Yerga tushirmasdan, fazoning o‘zida yo‘q qilib yuborish mumkin, deyishadi. Lekin kunlarning birida bunday xavf real haqiqatga aylansa-chi?

Koronavirus bu Xitoydan chiqdi, bizga aloqasi yo‘q, degan yana katta xatoga yo‘l qo‘yilmaydimi, degan xavotirlar ham yo‘q emas. Shuning uchun jahon olimlari turli siyosatlarni bir chetga qo‘yib, real rejasini tuzib va unga tayyorgarlik ko‘rishi, har qanday xavfning oldini olishi lozim. Bunday xavfni birgina davlatning bartaraf etishi, qiyin masala.

Internet materiallari asosida SamDU professori Ortiq PARDAYEV tayrladi.