Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Belarus markaziy saylov komissiyasi mamlakatda prezident saylovi o‘tkazilganligini e’lon qildi: Aleksandr Lukashenko 80 foizdan ortiq ovoz to‘pladi

Avval xabar berganimizdek, kecha Belarusda bo‘lib o‘tgan siyosiy jarayonda saylovchilar amaldagi prezident A.Lukashenko, tarjimon Svetlana Tixanovskaya, sobiq deputat Anna Kanopatskaya, "Govori pravdu" («Haqiqatni gapir») kompaniyasi yetakchisi Andrey Dmitriyev hamda "Belorusskaya sotsial-demokraticheskaya Gramada" partiyasi rahbari Sergey Cherechnyalar nomzodlariga ovoz berishdi.

Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, mazkur Prezident saylovi o‘tgan deb hisoblanmoqda.

Mamlakatdagi ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 6,8 million saylovchi bo‘lib, ular 2020 yil 9 avgust, yakshanba kuni  ertalab soat 8:00dan 20:00 gacha 5767 ta saylov uchastkalariga kelib ovoz berishdi. Mamlakat hududidan tashqarida 44 ta saylov uchastkalari tashkil etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Minsk shahridan tashqari barcha viloyatlarda 50 foizdan ziyod saylovchilar ishtirok etishdi. Jumladan, Gomel viloyatida 66 foiz, Mogilevda 63 foiz saylovchilar saylov uchastkalariga borishdi. 41,7 foiz saylovchilar esa 4-8 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanishgan. Bu mamlakat tarixida rekord ko‘rsatkich bo‘ldi. Biroq mustaqil kuzatuvchilarning fikricha, bu raqamlar oshirib ko‘rsatilgan deyishmoqda.

Saylovlarda asosiy kurash Lukashenko va Tixanovskaya o‘rtasida bordi. Saylovchilarning aksariyati o‘zini mamlakat hayotida yangi qon olib kiruvchi kurashchi deya hisoblayotgan oppozitsiya nomzodi Svetlana Tixanovskaya atrofidagi voqea-hodisalarga e’tibor qaratdi. Prezidentlikka talabgor bo‘lgan, ammo, ayni paytda qamoqqa olingan bloger Sergey Tixanovskiyning rafiqasini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p ming kishilik ommaviy mitinglar uyushtirildi. Uni oppozitsiya vakillari, ro‘yxatga olinmagan nomzodlar ham qo‘llamoqda. Biroq saylov arafasida Tixanovskaya xavfsizlik maqsadida o‘z uyini tark etganligi ma’lum bo‘ldi. Bunga uning saylov kompaniyasidagi jamoasi vakillari M.Kolesnikova va M.Morozlar, Minsk, Gomel, Brest, Grodno va boshqa hududlardagi faollarning hukumat tomonidan ta’qib qilinishi va qo‘lga olinganligini sabab bo‘ldi.

Saylovlar xalqaro kuzatuvchilarsiz o‘tkazilmoqda. Koronavirus pandemiyasi sabab qilib ko‘rsatilayotgan jarayonda hatto Yevropa Ittifoqi va YeXHT kabi nufuzli tashkilotlar ham o‘z vakillarini yubormadi.

Eslatib o‘tamiz, nomzod saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovoziga ega bo‘lsa, prezident etib saylanadi. Belarusda saylovlarning ikkinchi turi faqat bir marta - 1994 yilda bo‘lib o‘tgan. Boshqa saylovlarda faqat Lukashenko g‘olib bo‘lgan. 2015 yilda bo‘lib o‘tgan saylovlarda u 87 foiz saylovchilarning 83,5 foiz ovoziga ega bo‘lgan. Lukashenko 1994 yildan buyon Belarus prezidenti bo‘lib kelgan. Bu esa Yevropa davlatlari rahbarlari orasida eng uzoq muddat hisoblanadi.

Mamlakatdagi 320 saylov uchastkalarida bo‘lgan 12 340 nafar saylovchilar bilan o‘tkazilgan rasmiy ekzitpol so‘rovnomalar yakuniga ko‘ra, Lukashenko deyarli 79,9 foiz ovozga ega bo‘ldi, deyiladi "BelTA" axborot agentligi xabarida. Uning asosiy raqibi S.Tixanovskaya esa 6,8 foiz ovoz olgan.

Belarus yoshlar tashkilotlari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomlarda ham Lukashenko g‘alaba qozongan. Qolgan nomzodlar esa 5 foiz ham ovoz to‘play olishmadi. 9,2 foiz ishtirokchilar barcha nomzodlarga qarshi ovoz berishgan.

***

Soat 23:00 da Markaziy saylov komissiyasi o‘zining dastlabki ekzitpol natijalarini e’lon qildi, deya xabar qilmoqda RIA Novosti. Unga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko 81,3 foiz ovoz to‘plagan. Uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya 8 foiz ovoz oldi.

Ilgari xabar berilganidek, soat 18:00 gacha saylovchilarning 79 foizi jarayonda ishtirok etgan. Belarussiyadagi saylovoldi kompaniyasi muholifat vakillarini qo‘lga olish bilan davom etgan. Saylov o‘tadigan kun turli aksiya va mitinglarning oldini olish uchun poytaxt Minskda harbiy texnika va qurolli kuchlar shay holatga keltirildi.

Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.