Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Beshta issikxonada 2,5 milliard so‘mlik gaz o‘g‘irlangani aniqlandi

Majburiy ijro byurosi Markaziy apparati matbuot xizmati ma’lum qilishicha, byuroning Samarqand viloyat boshqarmasi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda Samarqand tumanida o‘tkazgan tadbirda gazdan «ulgurji» o‘g‘irlash holatlarini fosh etdi.

Aniqlanishicha, fuqaro B.R.ning 19 sotix yer maydonidagi issiqxonasiga harbiy qism hududidan o‘tgan 500 diametrli yuqori bosimli quvurdan yashirincha gaz «tortib kelingani» aniqlandi. Uning yer ostidan gaz quvuriga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani qo‘shni «parnik»chilarga ham qo‘l kelib, ular ham «yaratilgan imkoniyat»dan unumli foydalanib kelishgan.

Xullas, besh nafar issiqxona egalari yetkazgan zararlar hisob-kitobi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2,5 milliard so‘mdan oshmoqda.

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari tuman prokuraturasiga tomonidan olib borilmoqda.