MIB Toyloq bo‘limi: Zarar summalarini undirish qarzdorning ish haqiga qaratilgan
Joriy yilning 24 sentyabr kuni Zarnews.uz telegram kanalida Urgut tumani Mo‘g‘ol mahallasida yashovchi Arzimurod Fayziyevning “MIB Toyloq bo‘limi sobiq Milliy gvardiya xodimidan zararni undirib bermayapti” mazmunidagi murojaati e’lon qilindi.
Aniqlanishicha, Samarqand harbiy sudining 2020 yil 27 yanvardagi qarzdor Sherzod Qarshiboyevdan undiruvchi Arzimurod Fayziyev foydasiga 23 million 53 ming 271 so‘m moddiy zararni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Toyloq tumani bo‘limi ish yurituviga 2020 yil 29 fevralda kelib tushgan va shu kuni ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Bundan tashqari, Samarqand harbiy sudining qarori qarzdor Sherzod Qarshiboyevdan undiruvchi K.Rahimov foydasiga 2 million so‘m ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati ham tuman bo‘limi ish yurituviga shu kuni kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, mazkur sud qarorida qarzdor Sherzod Qarshiboyevdan undiruvchi - Samarqand viloyati qo‘riqlash boshqarmasi foydasiga 6 million 891 ming 207 so‘m zarar undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati ham kelib tushgan va masala ijroga yo‘naltirilgan.
Davlat ijrochisining 2020 yil 17 martdagi qaroriga asosan, qarzdor Sh.Qarshiboyevning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chetga chiqish xuquqlari vaqtincha cheklangan.
Mutasaddi idoralardan so‘rov xatlari asosida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qarzdorning shaxsiy egaligida undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mulklari (uy-joy, kvartira, boshka ko‘chmas mulk ob’yektlari, avtomototransport vositalari, qishloq xo‘jaligi texnikalari, sug‘urtalangan mulklar, qimmatli qog‘ozlar, omonat jamg‘armalari) va boshqa daromadlari mavjud emasligi aniqlangan.
Qarzdor Sh.Qarshiboyevdan zarar pullarini undirish uchun uning doimiy yashash manzili bir necha marotaba, xususan, oxirgi marta 2020 yil 24 sentyabrda ko‘zdan kechirilganda, zararni qoplash uchun qaratiladigan mol-mulklari mavjud emasligi aniqlanib, tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor Sh.Qarshiboyev Toyloq tumani “Ortiq ota BUZ” fermer xo‘jaligida ishlayotganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 64-moddasiga asosan davlat ijrochisining 2020 yil 24 sentyabrdagi talabnomasiga asosan zarar summalarini undirish qarzdorning ish haqiga qaratilgan.
Majburiy ijro byurosi Toyloq tumani bo‘limi.