Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bolalar nasibasini kim “tuya” qilmoqda?

Keyingi yillarda ta’limning ilk bosqichi bo‘lgan maktabgacha ta’lim tizimida ulkan islohotlar amalga oshirilib, sohadagi mavjud muammolar keskin bartaraf etilmoqda. Shunga qaramay, Kattaqo‘rg‘on tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi va ayrim maktabgacha ta’lim muassasalari mutasaddilari tomonidan islohotlar jarayoniga loqaydlik bilan qaralayotgani kishini taajjubga soladi.

Ko‘rilayotgan tezkor tadbirlar va amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramay, tumandagi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida hali ham ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yilib, eskicha qarashlardan voz kechish qiyin kechmoqda. Bu esa kelajak avlod farzandlarimizning kamoliga zarar yetkazmoqda.

Bunga misol sifatida mavjud maktabgacha ta’lim muassasalaridagi haqiqiy ahvolni o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilayotgan o‘rganishlar davomida ko‘plab kamchiliklarga duch kelinayotgani fikrimizning isbotidir.

Yaqinda O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tuman bo‘limi, moliya bo‘limi, tuman Sanitariya-epidemologiya nazorati markazi, “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda tumandagi 27-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida jamoatchilik asosida o‘rganish olib borildi.

Mazkur muassasada bugungi kunda jami 147 nafar tarbiyalanuvchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan bog‘chada 135 nafar bola borligi aniqlandi. 12 nafar tarbiyalanuvchining taqdiri birorta ham mas’ulni qiziqtirmagan.

Muassasada ish o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi bois obodonlashtirish ishlariga e’tibor berilmagan. Yig‘ilib qolgan chiqindilar uyulib yotibdi. Hattoki oshxonaga kirish joyida bir necha kundan beri yig‘ilib qolgan chiqindilarni chetiroqqa olish hech kimni tashvishga solmagan. Oshxonada bolajonlar uchun tayyorlangan ovqatga solingan go‘sht mahsulotlari o‘rganilganda, ularning asosiy qismi suyakdan iborat ekanini ko‘rasiz. Suyakdan ajratib olingan lahm go‘sht esa nima sababdandir omborxonadagi muzlatkich ichiga yashirib qo‘yilgan.

Shu kungi bolalar uchun belgilangan taomnoma ham to‘liq tuzilmagan. Muassasa hamshirasi tomonidan 12 nafar bog‘chaga kelmagan bolalar uchun ham ortiqcha mahsulot sarfi qo‘shib ko‘rsatilgan va nomigagina tuzilgan taomnoma muassasa rahbari va ombor mudiri tomonidan tasdiqlanmagan.

Muassasa omborxonasida mahsulotlarni qayd qilish daftari deyarli yuritilmaydi va shu sababli oziq-ovqat mahsulotlarining kirim-chiqimi o‘z vaqtida amalga oshirilmagan. Omborxonadagi tartibsizlik tufayli mahsulotlar bir-biri bilan aralib ketgan va sanitar-gigiyenik talablar qo‘pol ravishda buzilmoqda.

Muassasa oshxonasida qo‘l yuvish uchun sovun va suv yo‘q. Mavjud xonalar tegishli tartibda raqamlanmagan. Bolajonlarga iste’mol uchun olib kelingan non mahsuloti belgilanmagan joyda saqlanmoqda. O‘rganish davomida bolajonlar iste’moli uchun bog‘chaga qabul qilingan bir dona non mahsuloti tarozida o‘lchab ko‘rilganida, uning vazni atigi 410 gramm ekanligi aniqlandi. Lekin, bu non mahsuloti har biri muassasaga 500 grammdan kirim qilingan. Shu yo‘l bilan tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mutasaddilari va muassasa rahbariyati ochiqchasiga bolajonlarning nasibasini “tuya” qilinishiga yo‘l ochib bergan. Eng achinarlisi, bolajonlarga berish uchun olib kelingan poliz mahsulotlari laboratoriya ko‘rigidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida asos yo‘q. Muassasada ahvol nega bu darajaga kelib qolganligini aniqlash maqsadida ta’lim muassasasi rahbari Go‘zal Rajabovaga murojaat qildik.

- To‘g‘risi men rahbarlik qilayotgan bog‘chada yuzaga kelgan vaziyatdan xijolatdaman, - deydi muassasa mudirasi Go‘zal Rajabova. – Ta’minot masalasidagi muammolar yuzasidan tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mas’ullariga bir necha bor murojaat qilganman. Lekin bo‘lim tomonidan muammomiz yechimi yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilgan emas. Hozircha bo‘lim tomonidan belgilab berilgan ta’minotchi korxonalardan berilayotgan mahsulotlarni bolajonlarga beryapmiz.

Ushbu holat yuzasidan tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mas’ullari ham “yer chizish”dan nariga o‘tolmadi. Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi. Kattaqo‘rg‘on tumanida maktabgacha ta’lim tizimida qachon o‘nglanish bo‘ladi?! Tumanning manaman degan namunali maktabgacha ta’lim muassasalariga borsangiz ham muammolar girdobida qolasiz. Balki bu borada jiddiy chora-tadbirlar ko‘rish vaqti kelgandir? Ayni paytda viloyat, tuman hokimliklarining tashabbusi bilan ta’lim muassasalaridagi ahvolni yaxshilash bo‘yicha ishchi guruhi faoliyat olib bormoqda. Ko‘ramiz, shundan keyin ham ahvol qay darajada o‘nglanadi? Mavzuga yana qaytamiz.

J.Safarov. (“Kattaqo‘rg‘on haqiqati”)