Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi SamDU bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi

Samarqand davlat universitetida «Zamonaviy kadrlar tayyorlash, iqtidorli yoshlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, bitiruvchilarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bandligini ta’minlash istiqbollari» mavzusida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida davlatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga muvofiq kadrlar tayyorlash mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, universitetda kadrlar seleksiyasini tizimli yo‘lga qo‘yish, xalqaro standartlarga mos oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashga zarur shart-sharoitlar yaratishga oid ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

- 2020-2021 o‘quv yili bitiruvchilarini ish bilan ta’minlanish masalasiga hozirdan alohida e’tibor qaratish zarur, - dedi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov. - Bu borada manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan aloqani kuchaytirish, oliy ta’lim muassasalariga tegishligiga ko‘ra tashkilot va idora kadrlar xizmatini muntazam ravishda jalb qilish lozim.

Shu nuqtai nazardan tadbir davomida agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmatida “KPI” - eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimi, “HR metrica” - meritokratiya tamoyilini amaliyotga joriy etish, “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali” https://vacancy.argos.uz/ ning ishga tushirilgani va ushbu portal orqali ayni vaqtda 3 ta vazirlik, Davlat boshqaruvi akademiyasi va 35 ta tuman (shahar) hokimliklaridagi vakant lavozimlarga tanlov e’lon qilingani haqida ta’kidlab o‘tildi. 

Tadbir so‘ngida agentlik va SamDU o‘rtasida “Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumi” imzolandi. Shuningdek, yangi avlod kadrlarini maqsadli tayyorlashda agentlik salohiyatidan keng foydalanish, zamonaviy ta’lim dasturlari yaratishga metodik yordam ko‘rsatish, tizimda amaliy darslar va stajirovkalar o‘tkazishga hamda joriy yil yanvar oyidan boshlab universitet bitiruvchi kurs talabalariga agentlik mutaxassislari tomonidan davlat fuqarolik xizmati sohasida amaliy darslar tashkil etishga kelishib olindi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati.