Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat xizmatlari markazida yangi xizmatlar uchun xona yetishmaydi

Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni 102 taga yetdi. 2018 yilda markazlar tomonidan eng ko‘p – bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish (82553), fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish (60592), o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoyga mulk huquqini e’tirof etish (15133), jismoniy shaxslarga STIR berish (66337), manzil-ma’lumot axborotlarini taqdim etish (7676), haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish (faqat Past Darg‘om tumanida 5546) va boshqa murojaatlar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatildi. 2018 yil sentyabrda Nurobod tumani DXMdan 130 kilometr olisdagi Saxoba qishlog‘ida va Qo‘shrabot tumani DXMdan 150 kilometr olisda joylashgan Jonbuloq mahallasida markazlarning filiallari tashkil etilib, haftaning seshanba va juma kunlari mutaxassislar o‘sha joyga borib, fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatmoqda.

Joriy yildan esa markazlar orqali turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish va chiqarish, hisobga olish, vaqtincha yashash (propiska) uchun ruxsatnoma berish, muddatini uzaytirish, harbiy hisobga qo‘yish, elektr energiya­si, tabiiy gaz, suv hisoblagichlarni o‘rnatish, yechish va tekshirishga ariza berish, murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berish kabi yangi xizmat turlari qo‘shilmoqda.

Shuningdek, aholi tomonidan milliy haydovchilik guvohnomalarini davlat xizmatlari markazlari orqali yangisiga almashtirish bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda. Bu borada hozirda Past Darg‘om tumani davlat xizmatlari markazida haydovchilik guvohnomalari yangi namunadagi guvohnomaga almashtirib berilmoqda. Aslida, viloyatning barcha tuman, shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlari orqali haydovchilik guvohnomasi va bir nechta yangi xizmat turlarini joriy qilishni rejalashtirganmiz. Ammo, hozirda davlat xizmatlari markazlari binolarida yetarli shart-sharoit bo‘lmaganligi, bunday xizmatlar ko‘rsatish uchun alohida xonalar yo‘qligi sababli bu ishlar ortga surilmoqda.

Hozirda barcha tuman, shahar davlat xizmatlari markazlari uchun yangi zamonaviy binolar qurilishi boshlangan va bu yerda davlat kadastr, FHDYo, IIB, notarius xizmatlari va boshqa tashkilot xodimlari uchun alohida xonalar ajratilishi, konferensiya va kutish zallari tashkil etilishi kutilmoqda.

Alisher PRIMOV,

Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi.