Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Endi “cho‘ntak advokatlari” bo‘lmaydi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sud-huquq tizimidagi muammolar tanqid qilinib, advokatura tizimi haqida ham alohida so‘z yuritildi.

Xususan, odil sudlovni ta’minlash, adolat qaror topishida advokatura institutining o‘rni beqiyosligi ta’kidlanib, tizimda kadrlar tanqisligi va sifati masalasiga e’tibor qaratildi. Andijon, Termiz, Nukus, Mirishkor, Zafarobod, Uzun kabi 20 ta, shu jumladan Samarqand tumanida ham birorta advokatlik firmasi ro‘yxatdan o‘tmagani ta’kidlandi.

Albatta, bu e’tiroz palatamiz oldiga ham muhim vazifani qo‘ydi. Qaysiki, sohaga yosh mutaxassislarni jalb qilish, sohadagi tajribali kadrlar imkoniyatidan unumli foydalanish choralarini ko‘rishni taqozo etadi. Negaki, yig‘ilishda davlatimiz rahbari advokatlik faoliyatini boshlashi uchun yosh mutaxassislardan 2 yil yuridik staj talab etishni bekor qilish, talabalikdan advokat yordamchisi sifatida amaliyot o‘tash tartibini joriy etish, shuningdek, yuridik oliy o‘quv yurtlarida “advokatlik faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlash lozimligini ta’kidladi.

Qayd etish lozimki, bu tartib joriy yil 1 sentyabrdan amalga kiritiladi. Demak, odamlarni himoya huquqiga ega bo‘lishlarida tanlov, taklif keng bo‘lishi uchun yangi imkoniyat yaratiladi.

Sohaning og‘riqli nuqtalaridan yana biri - “cho‘ntak advokatlari”ga daxldor. Davlat tomonidan taqdim etilgan advokatlarni tanlashning ochiq-oshkora tartibi yo‘qligi bois ayrim tergovchilar o‘ziga tanish advokatlarni chaqirib, ayblanuvchiga ta’sir o‘tkazish hollari uchrab turadi. Shu sababli davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarning elektron tanlash tizimini ishga tushirish topshirig‘i berildi. Bu amaliyot dastlab poytaxtda eksperiment tariqasida joriy etiladi.

Yig‘ilishda advokatlik faoliyati jozibadorligini oshirish, bu kasb egalarining himoyasi va kafolatini kuchaytirish bo‘yicha qonun hujjatlari paketini ishlab chiqib, muhokamaga olib chiqish to‘g‘risida aniq ko‘rsatma berildi. Bu esa “cho‘ntak advokatlari”ni tugatib, zamonaviy himoyachilar korpusini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu - davlat rahbarining talabi, odamlarning ehtiyoji.

Tohir QODIROV,

Advokatlar palatasi Samarqand viloyat xududiy boshqarmasi boshlig‘i.