Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Eshitganingga emas, ko‘rganingga ishon. Urgutda epidemiya tarqalganligi haqidagi xabarlar asossiz (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahri va ayrim tumanlarida qizamiq epidemiyasi tarqalgani, Urgut va Toyloq tumani tibbiyot birlashmalarining yuqumli kasalliklar bo‘limida joy yetishmaëtgani haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, Urgut tumanida “karantin” deb shifoxona ichkarisiga odamlar qo‘yilmayotganligi ham bildirilgan. Qolaversa, “bir ëshga to‘lmagan bola shifoxonada yotibdi, biz na bolani va na onasini ko‘rganimiz yo‘q. Ichkariga hech kim qo‘yilmayapti”, deyilgan.

Mazkur holat yuzasidan “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev jurnalistik surishtiruv olib bordi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yilda Urgut tumani bo‘yicha 522 nafar fuqaro toshma sindromi gumon qilinib, shifoxonaga murojaat qilgan. Ularning atigi 4 nafariga qizamiq kasalligi tashxisi qo‘yilgan.

– O‘tgan yil davomida reja asosida 13070 miqdor emdori olingan va bolalar to‘liq emlangan. Shuningdek, 11790 nafar bola qayta emlangan, - deydi Urgut tumani tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Dilshod Tog‘ayev. – Bundan tashqari, epidemiologik holatlardan kelib chiqib, G‘o‘s, Vag‘ashli, Navoiy, Qoratepa, Mehnatobod mahallalari va Urgut shahridagi 2500 nafar bolalar ham emlangan.

Jurnalistik surishtiruv davomida, Urgut tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limida ham bo‘ldik. 2017 yilda qurilgan mazkur bo‘lim 80 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda 45 nafar turli kasalliklar bilan kelgan bemorlar davolanayotganligi va ayni paytda 35 ta bo‘sh o‘rin borligi aniqlandi.

– 2020 yilda Urgut tumanining yuqumli kasalliklar bo‘limiga jami 6 nafar fuqaro toshma sindromi bilan, qizamiqqa gumon qilinib, yotqizildi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limi mudiri Qobil Fayziyev. – Ammo o‘tkazilgan tekshiruvlardan so‘ng ularning 3 nafaridagi toshma qizamiq kasalligi emasligi aniqlanib, ularning ahvoli yaxshilangach, uylariga javob berildi. Ayni vaqtda bo‘limimizda yana uch nafar toshma sindromi bilan yotqizilgan bemorlar bo‘lsa-da, ularda ham kasallik aynan qizamiq ekanligi tasdiqlanmadi. Hozirda ular kerakli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilmoqda.

Tumanning yuqumli kasalliklar bo‘limidagi vaziyatni o‘rganish maqsadida bu yerda davolanayotgan bemorlar bilan suhbatlashdik. Bemor Zuhra Obloqulova isitmasi yuqoriligi sababli uch kun avval mazkur bo‘limga murojaat qilganida, hech qanday karantin holati bo‘lmaganligi hamda davolanish uchun joy yetarli ekanligini ta’kidladi.

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham qizamiq epidemiyasi tarqalmaganligi, ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar asossiz ekanligini bildirdi.