Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yetmish yashar onaxonning 23 ming so‘mlik da’vosi

Sudya bo‘lganimga bir oy to‘lmagan, shu sabab sud raisi meni ayab, soddaroq ishlarni berar edi.

Bir kuni mening ish yurituvimga shahardagi bir oshxona da’vogar, javobgar esa shahar elektr tarmoqlari korxonasi ko‘rsatilgan, da’vo talabi yigirma uch ming so‘mlik xo‘jalik ishi berildi.

Da’vo ariza bilan tanishib chiqib, xotirjam bo‘ldim. «Sudya bo‘lmasimdan avval sudlarda huquqiy vakil sifatida, da’vo qiymati million so‘mlar bo‘lgan ishlarga qatnashgan bo‘lsam, hayajonga o‘rin yo‘q» dedim-da, ishni sud majlisida ko‘rib chiqish uchun tayinladim.

Ammo da’vo qiymati o‘sha vaqtning narxlarini inobatga olganda, nazarga ilinmas bu ish butun umr xotiramda muhrlanib qolishini xayolimga keltirmagan ekanman…

Sud majlisiga da’vogar oshxonaning vakili bo‘lib, boshiga oq ro‘mol tashlagan, asoga suyangan hisobchi onaxon keldi. Javobgar tomonidan esa shahar elektr tarmoqlari korxonasining ikki nafar huquqshunoslari qatnashdi.

Da’vogar vakili onaxon sud majlisi ochiq, deb e’lon qilinishidan oldin iltimosnoma bilan sudga murojaat etdi:

- Hurmatli raislik etuvchi, sud binosi hovlisida buxgalteriya kursi talabalari, mening o‘quvchilarim kutib turishibdi. Ular sud majlisi zaliga kiritilishiga ruxsat bersangiz.

Sud majlisi ochiq bo‘lganligi uchun, men talabalarni sud zaliga kiritishga ruxsat berdim. Bir zumda sud zali talabalar bilan to‘ldi.

Sud jarayoni tafsilotlarini batafsil bayon qilishning iloji yo‘q. Ammo yodimga tushsa, meni hozirga qadar hayajonga soladigan holatni keltirib o‘tishim lozim. Onaxon elektr ta’minotida uzilish bo‘lib, oshxona muzlatgichi ishlamaganligi sababli unda saqlanayotgan masalliqlar – 3 kilogramm go‘sht, 2 litr sut, besh bog‘lam ko‘kat iste’molga yaroqsiz holga kelganligi sababli javobgardan yaroqsiz bo‘lib qolgan masalliqlar qiymatini, jami 23 ming so‘m yetkazilgan zararni undirishni so‘radi.

Elektr tarmoqlari korxonasi huquqshunoslari da’vo talabini tinglab, “Bor-yo‘g‘i yigirma uch ming so‘m ekan-ku, shunga ham ota go‘ri qozixonami?..”, deb miyig‘ida kulib qo‘yishdi. Ammo vazifalariga ko‘ra, korxona manfaatlarini himoya qilishga majbur edi. Shu bois onaxonga “ensali” qarashlar qilib, da’vo talabiga qarshi vajlar keltira boshlashdi.

Onaxon javobgar vakillari keltirilgan har bir vajlarni qonun va qonunosti hujjatlari asosida, shoshilmasdan, muloyimlik bilan puchga chiqarishni boshladi.

Javobgar vakillaridan biri “Onaxon, da’vo talabi atigi yigirma uch ming so‘m bo‘lsa, sizga shu tashvishlar zarurmi?”, deb zalda o‘tirgan talabalarga ishora qildi va «sudni-ku mayli, yana shuncha xalqni ovora qilibsiz, to‘lab beramiz zararni, onaxon», dedi.

– Ovoragarchiligi bormi, mirza bolam, men bu yerga mablag‘ istab kelmadim, biz huquqimizni tiklash uchun keldik, - dedi onaxon. – Huquq buzilsa, uning katta kichigi bo‘lmaydi. Huquq, burch va o‘zaro shartlashilgan majburiyatlar jamiyatni tartibda saqlab, taraqqiyotga yetaklaydi. Huquqiy jamiyatning o‘zagi bu huquq va mulk. Agar bizda o‘z huquqini bilish, uni himoya qilish istagi tug‘ilmas ekan, jamiyatning rivoji haqida o‘ylashning hojati yo‘q. Huquqni bilish va uni himoya qilish istagini insonda paydo bo‘lishiga faqat va faqat mulk sabab bo‘la oladi. Ha, o‘sha qaysidir g‘oyalar qoralgan xususiy mulk. Qarangki, bolam, biz bu yerga (onaxon talabalarga ishora qildi) bilim va himoyani o‘rganishni ham istab kelibmiz…

Oshxona - bu mulk, bolajonim. 23 ming so‘m da’vo talabi esa - bu huquq. Agar biz katta yoki kichik mulkimizga bo‘lgan huquqimizni bilib, kafolatini talab qilib, himoya qila olganimizda edi elektr tarmog‘ida sodir bo‘layotgan avariya va uzilishlar haftalab emas, balki darhol yoki qisqa muddatlarda bartaraf etilgan, o‘sha siz aytgan hududlarning elektr energiya ta’minoti cheklovi jadvalida belgilangan navbatga rioya etilgan va eng muhimi, davlatimizda elektr energiya tanqisligining yechimi tezroq topilgan bo‘larmidi?  Mana, huquq va xususiy mulk kafolati, insonni, davlat organlarini va nihoyat, jamiyatni nimalarga undaydi, ularni qanchalik sergak, tadbirli va tartibli tutadi. Meni bir oyog‘im go‘rda, vaqtim ham qolmadi. Lekin o‘quvchilarimning, sizning hurmatli javobgar vakili va hurmatli raislik etuvchining jamiyatimiz taraqqiyoti uchun, xususiy mulk kafolatini ta’minlash uchun vaqtingiz bor.

Mirza bolam, bu da’vo talabimni yetmish yashar kampirning huquqiy davlat qurilishiga qo‘shgan kichkina ulushi deb biling...

Sud majlisi yakunida ish yuzasidan javobgardan, da’vogar hisobiga 23 ming so‘m yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorni e’lon qilayotib, hayajonimni bosishim qiyin bo‘ldi.

Sud majlisi yopiq deb e’lon qilingandan so‘ng onaxon barcha bilan xayrlashib, talabalari yordamida sud zalidan chiqib ketdi.

Men onaxon bilan yana biron ish yuzasidan uchrashib qolaman, deb umid qildim. Ammo uchrashmadik. Bir kuni shaharda mashinada ketayotib, o‘sha oshxonaning nomi yozilgan peshtaxtaga ko‘zim tushdi. Mashinani yo‘l chekkasiga oldimda, oshxonaga kirdim. Meni baland bo‘yli, ko‘zlari onaxonning ko‘zlariga o‘xshagan bir yigit qarshi oldi.

– Marhamat aka, tushlik qilasizmi?

– Yo‘q, men shu oshxona hisobchisi Sojida ayani so‘rab kelgandim, - dedim.

Yigitni yuziga ma’yuslik yugurdi, boshini egib, “Aya o‘tganlariga uch oy bo‘ldi”, dedi.

Men uzrimni so‘rab chiqayotgan edim, yigit “Aka siz kim bo‘lasiz? Biron xizmat bo‘lsa aytavering, men nabiralariman” dedi.

– Alloh rahmat qilsin ayani, - deb yuzimga fotiha tortdim-da, bir zum o‘ylanib, “Men shogirdlariman” dedim…

Alisher HAMROYeVning feysbukdagi sahifasidan olindi.