Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

FVV aholiga qat’iy ogohlantirish bilan chiqdi

Ob-havo haroratining pasayib borishi bilan gaz va boshqa turdagi muqobil yoqilg‘i isitish moslamalaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj ortib boradi. Bunday paytlarda isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lishi hamda insonlar is gazidan zaharlanishi mumkin.

Bunday ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi gaz uskunalaridan va isitish moslamalaridan foydalanishda quyidagi yong‘in va xavfsizlik talablariga rioya qilishingizni so‘raydi:

— qo‘lbola va nosoz gaz isitish moslamalaridan foydalanmang;

— tungi vaqt aholi turar-joylarida o‘rnatilgan isitish tizimini nazoratsiz qoldirmang;

— oshxonada o‘rnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalaridan xonalarni isitish maqsadida foydalanmang;

— isitish pechlari va ularning mo‘rilari sozligiga, ularni turli buyum va to‘siqlar bilan berkitilmasligiga hamda maxsus tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida tozalanishiga alohida e’tibor bering;

— isitish moslamalari yaqinida yonuvchan buyumlarni saqlamang;

— isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiya va yo‘riqnomasi talablariga rioya qiling;

— gaz uskunalarni ulash tartib qoidalariga rioya qiling va ularga rezina shlanglar orqali ulanishga yo‘l qo‘ymang;

— agarda xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmang, darhol xonani shamollating hamda gaz xizmatiga zudlik bilan xabar bering.

Ushbu qoidalarga rioya etish bilan Siz o‘zingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni ko‘ngilsiz hodisalardan saqlagan bo‘lasiz.