Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Gretsiyalik shifokor COVID-19 ga qarshi «Pfizer» bilan emlangach, reanimatsiyaga tushdi

Afina shahrining chekkasidagi shifoxona rahbari o‘rinbosari koronavirusga qarshi vaksina qabul qildi va bir necha kun o‘tgach, o‘pka sun’iy ventilyasiyasi uchun reanimatsiyaga yotqizildi, deb xabar berdi Gretsiyaning Skai telekanali.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, 27 dekabr kuni 54 yoshli shifokor koronavirusga qarshi emlangan. 30 dekabrga kelib unda pastki nafas yo‘llari infeksiyasi alomatlari paydo bo‘ldi. Oqibatda uning ahvoli yomonlashdi va kasalxonaga yotqizish talab etildi. 1 yanvarga kelib shifokorga nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan va intubatsiya (nafas olish yo‘llarining o‘tkazuvchanligini ta’minlash maqsadida traxeyaga endotraxeal naycha kiritish) qilingan. Virusga tekshiruv salbiy natija ko‘rsatdi, bemorda nafas qisilishi, isitma va yo‘tal yo‘q edi.

Emlash va shifokorda paydo bo‘lgan infeksiya o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik topmadik, deyishdi Yunoniston sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari. Xususan, allergiyaga ehtimoli bo‘lgan kasallik tarixi tekshirildi.

Klinika xodimining kasalxonaga yotqizilishi mamlakatda emlashga qarshilar noroziligi oshishiga sabab bo‘ldi, deya qo‘shimcha qilinadi axborotda.

27 dekabrda Gretsiya “Pfizer”ning “BioNTech” preparatidan foydalanadigan "Ozodlik operatsiyasi" nomli COVID-19 emlash kampaniyasi boshlandi. Bu hozircha Yevropa Ittifoqida tasdiqlangan yagona vaksina hisoblanadi. Birinchi bo‘lib tibbiyot xodimlari, qariyalar uylari va reabilitatsiya markazlarida davolanayotgan fuqarolar emlanadi.

Vaksinalarning hali to‘liq o‘rganilmagani va yuz foiz kafolat berilmayotganini boshqa noxush voqealar ham ko‘rsatmoqda. 2 yanvar kuni meksikalik shifokor xuddi shunday emlashdan so‘ng kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgandi. Ayolga «ensefaolmiyelit» tashxisi qo‘yildi. Bungacha, 30 dekabr kuni, emlashdan bir necha kun o‘tgach, Shveysariyada 91 yoshli bemor vafot etdi.

G.XOLDOROVA tayyorladi.