Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Habiba Sulton begim maqbarasi yoxud Ashratxona nega xalqimiz orasida noto‘g‘ri talqin qilinadi?

Samarqandda joylashgan Ashratxona tarixiy obidasi haqida ko‘p bor eshitganmiz. Ammo xalq orasida u “Ishratxona” nomi bilan ham yuritiladi. Aslida bu maskan qanday joy?

Mazkur obida Xoja Abdu Darun maqbarasining shimol tomonida joylashgan bo‘lib, “ashratxona” arab tilidan tarjima qilinganda “ashrat” - o‘n degan ma’noni anglatib, ya’ni “o‘nta xona” nomi bilan ataluvchi binoning xarobalaridir.

Ma’lumotlarga qaraganda, inshoot Temuriy sulton Abu Said (1451-1469 yillar) hukmronligi davrida, taxminan 1464 yilda Bog‘i Feruzaning burchak qismida sevimli rafiqasi Habiba Sulton begim va qiziga (manbalarda qizining ismi Hovanbeka deb keltirilgan) atab ikki qavatli pishiq g‘ishtdan qurilgan. Maqbara binosining tashqi tomoni mozaikalar bilan qoplangan, ichki tomoni zarhal va tillasuvi yuritilgan badiiy bezaklar bilan bezatilgan.

Ishratxona

XIX asrning oxirlarida O‘rta Osiyo madaniyatidan xabari yo‘q rus bosqinchilari Ashratxonani “Ishratxona”, deb noto‘g‘ri talqin qiladi. Turkiston Respublikasi Markaziy ijroiya qo‘mitasi va xalq komissarlari Kengashining 1923 yil 27 martdagi 52-son qarori bilan maqbara “Ishratxona” nomi bilan ro‘yxatga olinadi va maqbara xalqimiz ongiga shu nom bilan singdiriladi.

Yurtimiz mustaqillikka erishgach, maqbara eski nomi bilan Ashratxona deb o‘zgartirilib, qayta davlat ro‘yxatiga olinadi. Ammo hamon xalq orasida “Ishratxona” deya noto‘g‘ri talqin qilish holatlari uchramoqda. Maqbarani nima uchun “Ishratxona” deb atay olmaymiz?

Birinchidan, islom dinida hurmat bilan tilga olinadigan, IX asrda yashagan alloma Abdi al-Mua’ziddin (Abdu Darun) majmuasining qarama-qarshi tomonida shodu-xurramlik va ishratxona sifatida xizmat qiladigan binoning qurilishi haqiqatdan yiroq bo‘lib, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Xoja Abdu Darun majmuasining yirik bino-xonaqohi sulton Abu Said hukmronligi davrida qurdirilgan bo‘lib, ushbu hududda ulkan obodonlashtirish ishlari olib borilganligi sulton Abu Saidning Abd al-Ma’ziddinga bo‘lgan yuksak hurmatini ifodalaydi. Habiba Sulton begim maqbarasi quriladigan yer maydonining aynan shu joydan tanlanishi ham bejiz emas.

XIX asrning o‘rtalarida yashab o‘tgan Abu Tohirxojaning “Samariya” asarida Ashratxona haqida qisqacha tarif berilib, inshoot Amir Jaloliddining qizi Habiba Sulton begimning maqbarasi ekanligi bayon qilib o‘tilgan va bu haqda boshqa ma’lumot bermagan.

Majmua ichida 1940 yilda olib borilgan arxeologik qazishma ishlari natijasida ayol suyaklarining topilishi inshoot maqbara sifatida qurilganligidan dalolat beradi.

Shuningdek, maqbarada 1919 yilda M.Ye.Masson, 1926-1927 yillarda V.L.Viyatkin, 1930 yilda T.B.Krusmanlar tomonidan ilmiy-arxeologiya ishlari olib borilgan.

Maqbarani bugungi ko‘rinishga qanday kelib qolganligini o‘rganish uchun arxiv manbalarini ko‘zdan kechirdim.

Ma’lum bo‘lishicha, XIX asr oxirida (yili aniq emas) Hoji Mahmud Turdiboyev Samarqand okrug gubernatorining ruxsati bilan maqbaraning g‘ishtlari va zarhal badiiy bezaklarini buzib olib, Xoja Abdu Darun qabristonidagi 8 ta hujraning qurilishiga ishlatgan. Bu voqeadan so‘ng shu davr oralig‘ida majmuaning zarhal va tillasuvi yuritilgan bezaklari mahalliy aholi tomonidan talon-toroj qilingan.

1897 yilgi zilzila oqibatida binoning gumbaz qismi o‘ta og‘ir avariya xolatiga kelib qolgan. Oqibatda 1903 yilda maqbaraning gumbaz va uni ushlab turuvchi tirgak qismlari qulab tushgan.

V.L.Viyatkinning manbasida keltirilishicha, majmuaga yaqin hududda yashovchi mulla Ma’ruf (1912 yil) tomonidan devorning zarar yetmagan izora (bezak)larini talon-torojdan saqlab qolish maqsadida yashirincha Yevropa va Amerika muzeylariga bergan. Lekin ko‘p qismi xorijiy kolleksionerlar qo‘liga borib tushgan.

Tarihdan bilamizki, Temuriy hukmdorlar sevimli rafiqalari va farzandlariga atab ulkan maqbara va masjidlar qurdirgan. Misol tariqasida Amir Temurning rafiqasi Bibixonimga atab qurdirgan masjid va maqbara majmuasi, Shoxruh Mirzoning rafiqasiga atab Hirot shahrida qurdirgan jome’ masjid va maqbara binolarini keltirishimiz mumkin. Habiba Sulton begim maqbarasi ham shular jumlasiga kiradi.

Botir ShAYMATOV,

viloyat madaniy meros boshqarmasi xodimi.