Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ikki yilda 15 kishi ovqatdan zaharlanish oqibatida vafot etgan

Oliy Majlis Senati tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida qator muammolar aniqlandi. Bu haqda 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining kengaytirilgan majlisida ta’kidlandi.

Xususan, so‘nggi yillarda aholi o‘rtasida zaharlanish holatlari ko‘payib bormoqda. 2017-2019 yillar davomida 154 ta bunday holat qayd etilgan. Oqibatda 1700 nafar fuqaro, jumladan, 665 nafar bola jabrlangan. 15 kishi vafot etgan. Bunday holatlar asosan umumiy ovqatlanish korxonalarida, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida qayd etilgan.

Ko‘p holatlarda bunga to‘yxona, oshxona, kafe, restoran va boshqa umumiy ovqatlanish korxonalarining sanitariya talablari loyihalari asosida qurilmaganligi sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini lozim darajada saqlash uchun sharoitlar mavjud emas. Maktabgacha ta’lim muassasalari oshxonalarining jihozlanishi ham talablarga javob bermaydi.

Umumiy ovqatlanish xodimlari davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tmaydi, oshpaz va yordam beruvchi xodimlarning ovqat tayyorlash bo‘yicha texnologik talablar to‘g‘risida bilim va tushunchalari yo‘q.

O‘rganishlar davomida respublikaning 1533 ta maktabgacha ta’lim muassasasida tashib keltiriladigan ichimlik suvidan foydalanilishi aniqlandi. Bunda ularning ko‘p qismida tegishli gigiyenik suv idishlari o‘rnatilmagan. 5854 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi oshxonalarining moddiy-texnik bazasi holatini yaxshilash lozim. Buning uchun 391 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi.

Majlis davomida o‘rganish davomida aniqlangan boshqa muammolar ham muhokama qilindi. Uning yakunlari bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga topshiriq va tavsiyalar berildi.