Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ilm-fan istiqboliga ishonch ortdi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi ko‘pchilik tomonidan intiqlik bilan kutildi. Chunki unda yangraydigan gaplar nafaqat deputat va senatorlar, balki butun xalqimizga taalluqli bo‘lishini barcha birdek his eta oldi.

Murojaatnoma bilan bevosita tanishgan har bir inson undan o‘ziga xos taassurotga ega bo‘ldi, o‘rinli xulosalar chiqara oldi. Ayniqsa, endigina ishini boshlagan xalq vakillari o‘z faoliyatlari uchun zarur vazifalarni belgilab olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shaxsan meni quvontirgan jihati, Murojaatnomada O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturidagi ustuvor masalalar qayta-qayta tilga olindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan mamlakatimizda 2020 yilning “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nomlanishi qalbimizni junbishga keltirdi. Binobarin, ilm-ma’rifat rivojisiz yurt taraqqiyotiga erishib bo‘lmasligi ayni haqiqatdir.

Partiya saylovoldi dasturida “Ilmlilik – saodatdir, ilmsizlik – musibat!”, deya bejiz ta’kidlanmagan. “Adolat” SDP ta’limga investitsiya kiritishni kelajakka sarmoya kiritish, deb hisoblaydi. Bu esa xalq farovonligi, davlatning raqobatdoshligini ta’minlovchi omil sanaladi.

Murojaatnomada ham saylovoldi dasturimizga hamohang tarzda ta’lim tizimini muntazam takomillashtirish, sifatli ta’lim berish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash masalalari ko‘rsatib o‘tildi.

Murojaatnomada sanab o‘tilgan va ayni vaqtda partiyamiz saylovoldi dasturidan o‘rin olgan masalalardan yana biri bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish darajasini ko‘tarishdir. Shunda farzandlarimiz bolalikdan bilim olishi, jamoatchilikka moslashish ko‘nikmalari asta-sekin shakllanishiga erishamiz. Zero, yoshlikda olgan bilim toshga o‘yilgan naqsh.

Prezidentimiz tomonidan oliy ta’lim muassasalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, kirish imtihonlarini soddalashtirish taklif qilindi. Ayniqsa, oliy ma’lumotlilar safini shartnoma asosida emas, davlat granti asosida o‘quvchi-talabalar hisobiga oshirish lozimligi barchaning ko‘nglidagi istak bo‘ldi. Bu borada “Adolat” SDP oliy o‘quv yurtlariga kirish kvotalarini bosqichma-bosqich oshirib borish, o‘quv yurtlari uchun umumiy qabul kvotalarini belgilash tajribasidan voz kechish mexanizmini ishlab chiqqan.

Murojaatnoma turli soha vakillari faoliyatiga oid xulosalarni o‘z ichiga oldi. Ikki kasb vakillari esa alohida tilga olindi. Bular – pedagoglar va shifokorlar. Ularning bilimini oshirish, el-yurt orasida obro‘sini yuksaltirish, daromadlarini ko‘paytirish lozimligi uqtirildi.

Haq gap! Davlat ravnaqi, xalq barkamolligini kafolatlash uchun ushbu ikki sohani isloh etish, kasb vakillari maqomini ko‘tarish muhim masala. Bunga esa qonunchilik yo‘li bilan – o‘qituvchi maqomini oshirish, tibbiyot xodimlarini tajovuzlardan himoyalashga oid qonunlar orqali erishish mumkin.

Yurtboshimiz nutqida ichki migratsiya va doimiy ro‘yxatdan o‘tish borasidagi muammo ko‘tarilib, bu borada aniq yechim berilgani ayni muddao bo‘ldi. “O‘z fuqarolarimiz oyog‘iga o‘zimiz kishan solmasligimiz kerak”, dedi Prezident. Darhaqiqat, “propiskadan o‘tish” tizimiga yangicha yondashish payti keldi. Fuqarolarimizning o‘z xohish-istaklaridan kelib chiqib, doimiy yashash joyini o‘zi belgilash huquqini ta’minlovchi huquqiy asosni bosqichma-bosqich takomillashtirib borish – “Adolat” SDPdan saylangan deputatlarning ham oldida turgan asosiy vazifa.

Shuningdek, ma’ruzada Shavkat Mirziyoyev jamiyat rivojiga g‘ov bo‘layotgan bir illatni kuyunchaklik bilan aytib o‘tdi. “Korrupsiya illatini yo‘q qilmasak, birorta soha rivojlanmaydi”, deya adolatli xulosa yasadi va “halollik vaksinasi” bilan emlanish darkorligini ta’kidladi. “Halollik bilan yuzi yorug‘ rahbarning lavozimda ham umri uzoq bo‘ladi”, deya alohida urg‘u berdi.

Murojaatnomada o‘zimiz uchun ko‘plab vazifalar belgilab oldik. Undagi ayrim masalalar qalbimizdagi istak bo‘lib, xalqimiz uzoq yillardan beri kutayotgan islohotlardan xushxabar bersa, ma’ruzada ko‘tarilgan ba’zi fikrlar biz uchun mutlaqo yangilik sifatida yangradi hamda boshlayotgan faoliyatimizga yangicha ruh bag‘ishladi.

Shuhrat POLVANOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.