Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Karantin davrida FHDYo bo‘limlari va notariuslarga qanday tartibda murojaat qilinadi?

Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining ma’lum qilishicha, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilishi munosabati bilan 2020 yilning 25 martidan boshlab Adliya vazirligi tizimidagi idoralar quyidagi tartibda ish faoliyatiga o‘tadi.

– Adliya vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar adliya boshqarmalari, tuman (shahar) adliya bo‘limlariga jismoniy va yuridik shaxslardan murojaatlarni qabul qilish va ular bilan ishlash faqat elektron pochta yoki ishonch telefonlari orqali amalga oshiriladi;

– Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlari elektron shaklda my.gov.uz portali orqali onlayn tarzda va faqat kechiktirib bo‘lmaydigan holatlardagina idoralarda amalga oshiriladi;

– FHDYo bo‘limlarida fuqarolarni qabul qilish xodimlarning navbatchiligi asosida kechiktirib bo‘lmaydigan holatlardagina (tug‘ilish va o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish) tashkil qilingan darcha orqali amalga oshiriladi;

– notariuslarga murojaat qilish faqat kechiktirib bo‘lmaydigan zaruriyat yuzaga kelganda (birinchi navbatda vasiyatnoma, ishonchnoma, garov, ipoteka bo‘yicha) e-notarius.uz sayti orqali tegishli notariusga hujjatlarni oldindan elektron shaklda taqdim etish va elektron navbatga yozilish orqali amalga oshiriladi.

Eslatma: Fuqarolarni barcha binolarga kiritish faqat belgilangan navbat va vaqtga rioya etilgan holda hamda tibbiy niqob taqilgan, qo‘llar antiseptik vositalar bilan yuvilgan va tana harorati teplovizorlar orqali o‘lchangandan keyin yo‘l qo‘yiladi. Bino tashqarisi va ichida fuqarolar o‘zaro masofa (2 metr) saqlashlari lozim.

"Ushbu vaqtincha cheklovlar “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 176-son qarori va Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlarining tegishli tavsiyalariga asosan joriy qilinmoqda.

Shuningdek, yuqoridagi Hukumat qaroriga asosan idoralardagi aksariyat ayol xodimlar bog‘cha yoshidagi farzandlariga qarash uchun mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha vaqtinchalik ta’tilga chiqarilganligi va xodimlarning bir qismi masofadan turib ishlashga o‘tganligi sababli idoralar faoliyatida ayrim uzilishlar bo‘lishi mumkin.

Kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ayrim noqulayliklar uchun cizlardan avvaldan uzr so‘ragan holda, adliya idoralariga faqat jiddiy zarurat bo‘lganda murojaat qilishingizni so‘raymiz", deyiladi Adliya vazirligi xabarida.