Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Koronavirus vahimasi ancha qimmatga tushadi

Samarqand avtoboshbekatidan kuniga Qozog‘istonning Olmaota, shuningdek, poytaxt Toshkent va Uchquduq shaharlariga bir martadan, viloyatimizning chekka Qo‘shrabot tumaniga esa 13 ta yo‘nalish bo‘yicha zamonaviy avtobuslar yo‘lovchilarni tashiydi. Ayni paytda Olmaota shahriga avtobuslar qatnashi taqiqlangan.

- Shu paytgacha Toshkent shahriga kuniga 2 ta avtobus qatnagan bo‘lsa, bugundan boshlab yo‘lovchilar soni ko‘payganligi tufayli avtobuslar soni 9 taga yetkazildi, - deydi Samarqand avtoboshbekati boshlig‘i Ne’mat Mamatov. – Bugun soat 11:00 gacha 4 ta avtobus Toshkent shahriga yo‘lovchilarni olib ketdi. Yo‘lovchilar soni ko‘paygani bilan chipta narxlarini qimmat qilganimiz yo‘q. Bitta chipta narxi 35 ming so‘m. Har soatda 35-40 nafar yo‘lovchi jo‘nab ketyapti.

Avtoboshbekatdan Toshkent shahriga yo‘lovchi tashish uchun qo‘shimcha «Maroqand trans-ekspress» MChJga qarashli zamonaviy avtobuslar keltirilib, dezinfeksiya ishlari olib borildi.

- Jamoamiz bilan Samarqand shahriga gastrolga kelgan edik, - deydi Toshkent davlat satira teatri aktyori Ilhom Yusupov. – Endi poytaxtga qaytishimizga to‘g‘ri keldi. Yo‘lovchi ko‘p bo‘lsa, bilet topishdan qiynalsak kerak, degan hadik bilan avtoboshbekatga kelgandik. Yo‘q, shubhalarimiz noto‘g‘ri chiqdi. Avtobuslar yetarli, chiptalar ham bor.

- 16 martdan ikki hafta ta’til e’lon qilingach, hamma talabalar uyiga qayta boshladi, - deydi qo‘shrabotlik SamDU talabasi M.Shovqiyeva. – Dugonalarim bilan avtoboshbekatga keldik. Avtobus bormikin, odam ko‘p bo‘lsa, tiqilinchda Jo‘sh qishlog‘iga qachon yetib olarkanmiz, degan o‘ylar bilan kelgan edik. Avtobuslar yetarli ekanligini ko‘rib xursand bo‘ldik.

Shu payt Toshkent shahridan Samarqandga yo‘lga chiqqan avtobus bekat yoniga kelib yo‘lovchilarini tushirdi. Yo‘lovchilardan biri Ro‘zigul Nomozovani gapga tortdik.

- Toshkent avtoboshbekatida avtobuslar kamligidan, taksi haydovchilari narxlarini osmonga chiqarib yuborgan, - dedi u. - Har bir yo‘lovchi uchun 100-150 ming so‘mgacha so‘rayapti. Bu ancha qimmatlik qiladi. Ayniqsa, ta’tilga uyiga qaytayotgan talabalar juda ko‘p. Xususiy avtobusda 60 ming so‘mdan yo‘l haqi to‘lab keldik.

Xalq orasida Ulug‘bek deb ataladigan norasmiy bekatda esa Navoiy, Buxoro, G‘ijduvondan kelayotgan avtobuslar 20-25 ming so‘m evaziga yo‘lovchilarni Toshkent, Guliston, Jizzax shaharlariga yo‘l-yo‘lakay olib ketyapti. Yo‘lovchi taksilar soni ko‘p, narxlari ham turlicha.

- Aka, keling 50 ming so‘m bilan olib ketaman, - deydi «Kaptiva» egasi. – Ikki kishiga mayli 80 ming so‘m beraqoling.

- Nega 80 ming so‘m bilan ketmoqchi bo‘lyapsiz, ketgan xarajatingizni qoplaydimi ishqilib? - so‘rayman undan.

- Bu yerdan kam bo‘lsa ham mayli, quruq ketmayin. Toshkentdan bu yoqqa qarab 150-200 ming so‘mga ham mijozlar bor, - deya javob berdi haydovchi.

Noqulay vaziyatdan foydalanib, boylik orttirish niyatida bo‘lgan bunday kimsalar nafs uchun nimalarga qo‘l urmaydi-ya?

Dilmurod TO‘XTAYeV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).