Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Madaniyat va aholi dam olish maskanlari hamda istirohat bog‘lari mavsumga tayyormi?

Viloyat  hokimligi matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, viloyatdagi madaniyat va aholi dam olish maskanlari hamda istirohat bog‘larining mavsumga tayyorgarlik holati, ishchi guruh tomonidan o‘rganish natijalari atroflicha tahlil qilindi.

Unda Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahri, Urgut, Tayloq, Oqdaryo hamda Qo‘shrabot tumanlari madaniyat va istirohat bog‘larining mavsumga tayyor emasligi, olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz ahvoldaligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, madaniyat markazlarining bugungi ahvoli ham muhokama etilib, bu boradagi ishlarni tashkil etishda viloyat madaniyat boshqarmasi, tuman va shahar madaniyat bo‘limlari mutasaddilarining faoliyati tanqid qilindi.

Muhokama yakunida viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Sharofov Bahodir Negmatovichga yuklatilgan vazifalarni bajarishda o‘zibo‘larchilik bilan yondashganligi uchun intizomiy jazo choralarini qo‘llash hamda Kattaqo‘rg‘on shahar madaniyat bo‘limi boshlig‘i Bozorov Odil Kadirovichni egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish uchun madaniyat vazirligiga rasmiy xat yo‘llashga xulosa qilindi.

Shuningdek, muhokamaga qadar Bulung‘ur tuman madaniyat bo‘limi mudiri Isakov Alimboy Rasulovich va madaniyat va istirohat bog‘i direktori Haydarova Nilufar Usmonovnalar o‘z arizalariga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Payariq tuman madaniyat bo‘limi mudiri Ashirov Faxriddin Zayniddinovichning faoliyati esa “Xayfsan” intizomiy jazosi bilan baholandi.