Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Munosib nomzodlar tanlansa, Kengashlar oldiga qo‘yilgan vazifa to‘la uddalanadi

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari - apparat rahbari Ilhom BOTIROVning gazetamiz muxbiri savollariga javoblari

- Yaqinda barcha partiyalar yarim yillik faoliyatini sarhisob qilib, oldinda turgan vazifalarini belgilab oldi. Ushbu tahlillardan kelib chiqib aytingchi, mahalliy kengashlardagi amaldagi deputatlar korpusi bilan oldinda turgan saylovlarda kutilgan natijaga erisha olasizlarmi?

Umuman, bugun mahalliy kengashlarda faoliyat olib borayotgan deputatlarning qanchasi yoki necha foizi navbatdagi saylovlarda nomzodlikka qo‘yilishi mumkin?

- Amaldagi yil mamlakat parlamenti va mahalliy Kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlar munosabati bilan ham sarhisob yili hisoblanadi. Bunda nafaqat deputatlar faoliyati, balki barcha soha va yo‘nalishlarda 2014 yildagi saylovoldi dasturimizning ijrosi, ya’ni bajarilishi sarhisobi bilan ham ahamiyatlidir.

Mahalliy kengashlardagi 200 nafardan ziyod deputatlarimiz orasida ijro hokimiyati organlari rahbarlari, ya’ni hokimlardan tortib, tadbirkor, fermer, jamoat tashkiloti, ta’lim va soІliqni saqlash, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari vakillarigacha turli kasb va lavozimda ishlaydigan safdoshlarimiz bor. Ular faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida deputatlik faoliyatining dastlabki davridan boshlab, uslubiy va amaliy yordam ko‘r¬satishga e’tibor qaratib kelinmoqda.

Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) kengashlaridagi deputatlik guruhi a’zolari tomonidan 2015 yildan bugungi kungacha 2767 marotaba saylovchilar bilan sayyor qabul va uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvda 11 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Shundan sakkiz mingdan ortiq muammolar ijobiy hal etilib, qolgan muammolar boshqa tegishli tashkilot va muassasalarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olingan. 4336 ta deputat so‘rovlari chiqarilgan.

Kengashlarimiz qoshidagi deputatlikka nomzodlarni o‘rganish va tavsiya etish bo‘yicha komissiya tomonidan nafaqat amaldagi deputatlar, balki o‘z hududida obro‘-e’tibor qozongan, ma’lumotli, tashabbuskor va fidoyi shaxslar orasidan eng munosiblarini deputatlikka tavsiya etish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

- Shu o‘rinda bir narsaga oydinlik kiritib ketsangiz: mahalliy kengashlarga bo‘lgani kabi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ham nomzodlar hududlardan, qaysiki, siyosiy partiyalarning hududiy bo‘limlari tomonidan ko‘rsatiladi. Nomzodlar markaziy kengashlar bilan kelishiladimi yoki markaziy kengash tomonidan tavsiya qilingan nomzodlar ko‘rsatiladimi?

- Albatta, o‘z hududidagi saylov okruglariga nomzodlar siyosiy partiyalarning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘rganilib, tavsiya etiladi. Ular tavsiya qilgan nomzodlar viloyat kengashidagi komissiya tomonidan o‘rganiladi va partiya yuqori organi - siyosiy kengash ijroiya qo‘mitasiga tavsiya etiladi. Partiya nizomiga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga partiya yuqori organi, ya’ni partiya s’yezdida ko‘rsatiladi.

- 2020 yildan mahalliy Kengashlarning 30-40 foiz deputati maosh olib ishlashi, ya’ni Kengash ijroiya hokimiyatidan to‘la mustaqil bo‘lishi choralari ko‘rilmoqda. Bu yangi mas’uliyat va vazifalarni deputatlarimiz udda qilisha olarmikan? Har holda, Kengash raisi - hokim aytgan gapni to‘liq tasdiqlab o‘rgangan kishilarning aksariyati yana deputat bo‘ladi.

- Bo‘lajak deputatlarga jamiyatimizda qo‘yilayotgan talablar tobora oshib borayotgani, partiyalarga ham deputatlikka nomzodlarga ham, ushbu jarayonga tayyor bo‘lishni taqozo etadi. Kengashlarning ijro hokimiyatidan mustaqil bo‘lishi va deputatlarning ijro organi bilan munosabatlari yangi bosqichga chiqishi borasidagi o‘zgarishlar ham ijro organi, ham kengash faoliyatida muhim islohotlar bo‘lishidan dalolat.

Shu paytga qadar hokim boshqargan Kengashning ijro hokimiyatidan mustaqil holda ko‘plab vakolatlarga ega bo‘lishi, vazifaga mas’uliyat masalasida deputatlarga katta ishonch bildirilishini anglatadi. Shu bois bo‘lajak deputatlar Kengash va ijro organi vakolat va vazifalarini yaxshi biladigan shaxslar hisobiga shakllantirilishi, nomzodlarni tanlashda muhim mezonga aylanadi.

Yo.GADOYeV suhbatlashdi.