Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Navoiyda ilk bor yurak nuqsoni bo‘yicha murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan vohada birinchi bor yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalarda bepul murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bu haqda Human.uz xabar bermoqda.

Markazda ikki kun davomida 4 nafar bemor AIK — sun’iy qon aylantirish apparati yordamida operatsiya qilindi. Italiyaning «Sorin» firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan jihoz bo‘lib, butun dunyo tibbiyoti murakkab yurak jarrohlik amaliyotida ana shu apparatdan foydalanadi. U muassasaga viloyat hokimligi tashabbusi bilan mahalliy byudjetdan orttirilgan mablag‘lar hisobiga keltirilgan.

«Hozircha faqat kam ta’minlangan va uzoq yillardan buyon shu kasallik bo‘yicha ro‘yxatda turgan oila farzandlaridan jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdik, — deydi markaz bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi M. Ahmedov. — Chunki bunday operatsiyalarni amalga oshirish uchun juda katta mablag‘ talab etiladi. Yangi texnologiyaning afzalligi u ma’lum muddat yurakning funksiyasini bevosita o‘zi bajarish imkoniga ega. Bu esa jarrohlarga amaliyot jarayonida qulaylik yaratadi. Bunday uskuna 2009 yildan buyon faqat poytaxtdagi klinikalarda mavjud bo‘lsa, hozirda Namangan, Xorazm va Samarqand viloyatlarida uning yordamida murakkab amaliyotlar o‘tkazilmoqda. Viloyatga keltirilgan ushbu zamonaviy jihoz poytaxtdagi davolash muassasalarida ro‘yxatda turgan qanchalab aholining uzog‘i yaqin bo‘lishiga hamda iqtisodi tejalishiga xizmat qiladi».

Qiziltepa tumanining Vang‘ozi mahallasida yashovchi 6 yoshli Asilbek Shomurodov ham tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan. Operatsiyadan keyin ro‘yxatdan chiqib, tengdoshlaridek to‘rt muchasi sog‘ bolalar safidan joy oldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada yiliga 2,5-3 ming nafar bola yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi. Ammo poytaxt klinikalarida bir yilda shulardan 600 nafarinigina operatsiya qilish imkoni mavjud. Birgina Navoiy viloyatida esa ayni kunda 10 ming nafardan ziyod yurak nuqsoni bilan og‘rigan yoshi kattalar turli muassasalarda jarrohlik amaliyoti uchun navbat kutishmoqda. 200 nafardan ziyod bola tug‘ma yurak nuqsoni bo‘yicha ro‘yxatda turadi. Bu bemorlarga o‘z vaqtida va to‘laqonli tibbiy yordam ko‘rsatilsa, ularni hayotga qaytarish mumkin, deyiladi xabarda.