Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nikohdan ajratish to‘g‘risida sudga murojaat qilmoqchimisiz?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida e’tirof etilgan. Unda oila davlat tomonidan himoya qilinishi kafolatlanganligini inobatga olib, oila to‘g‘risidagi qonunchilik vazifalaridan kelib chiqqan holda qonunda nazarda tutilgan hamda oilani mustahkamlash, er-xotin va ularning bolalari huquqlari ham qonun bilan qo‘riqlanadi.

Nikohdan ajralish kamaygan. Ammo...

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudlari tomonidan nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari soni 2019 yil davomida 4804 tani tashkil qilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 231 taga kamaygan. Ular bo‘yicha da’vo qanoatlantirilgan qarorlar soni 2 956 tani tashkil qilib, 2018 yilga nisbatan 182 taga kamaygan.

Nikohdan ajratish bo‘yicha sudga murojaat qilishning asosiy sabablari tahlil qilinganda oilaviy kelishmovchilikni 2879 ta, moddiy jihatdan qiynalganlik 464 ta, farzandsizlik 272 ta, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish 160 ta, boshqa sabablar 1643 tani tashkil qilishi ma’lum bo‘ldi.

Sudlar tomonidan taraflarning yarashishi uchun ko‘rilgan choralar, xususan, mahallalar, xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda olib borilgan tushuntirish ishlari, sayyor sud majlislarida ajralishning haqiqiy sabablarini aniqlash borasida olib borilgan ishlari natijasida 209 ta oila yarashtirilgan.

Nikohga kirish, oila tuzish - bu inson hayotining muhim jarayoni bo‘lib, uning butun kelajakdagi hayoti bilan bog‘lanib ketadi. Shu sababli nikohga kirish nikohlanuvchilarning ixtiyoriga asoslangan. Nikohdan ajratishga qaror qilgan shaxs ushbu huquqini shaxsan o‘zi amalga oshirishi lozim. Nikohdan ajrashish istagini bildirgan shaxs ko‘p holatda ikkilanib turadi. Vakil orqali berilgan da’vo ariza shaxsni ajrashish qaroridan qaytish ehtimolini ancha pasaytiradi. Nikohni ko‘p holatlarda taraflarning “g‘ururi”, qarindoshlarining shaxsiy adovati, noto‘g‘ri aytilgan so‘zi buzadi.

Nima qilish kerak?

Nikohdan ajralishlar sonini kamaytirish, oilani saqlashga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirish, nikohdan ajratish istagini bildirgan shaxsni o‘zgalar fikri, maslahati va ta’siridan chiqarib, haqiqiy istak-xohishlarini yuzaga chiqarish maqsadida quyidagi takliflar beriladi:

- nikohdan ajratish haqidagi fuqarolik ishlarini ko‘rishda oila amalda barbod bo‘lganligini tasdiqlovchi jiddiy asoslar mavjud bo‘lgan hollardagina ishlarni vakil ishtirokida ko‘rish;

- sayyor sudlarning samaradorligini oshirish maqsadida oilalarni yarashtirish imkoni bo‘lgan taqdirda nizolarni joyida hal etib, oilani yarashtirishga, oila muqaddas dargoh sanalishi, bolalar kelajagi haqidagi tushuntirish ishlarini olib borish tartibini yo‘lga qo‘yish;

- ushbu toifadagi ishlarni ko‘rishda da’volar qanoatlantirilgan hollarda davlat boji summasini oilaning barbod bo‘lishiga olib kelgan tarafdan undirish tartibini yo‘lga qo‘yish;

- mazkur ishlarni ko‘rishda, agar taraflar 1 yildan kam bo‘lgan muddat davomida alohida-alohida yashayotgan bo‘lsa, da’vo arizani rad qilish;

- 3 yilgacha bo‘lgan muddat ichida birga yashamayotgan er-xotinga 3 oydan kam bo‘lmagan yarashish uchun muddat berish;

- 5 yil va undan ortiq muddat birga yashamagan taraflarga 3 oy yoinki oilani saqlab qolish imkoni qolmaganligini asoslovchi dalillar sudga taqdim etilgan taqdirda, ish holatlari bo‘yicha muddat bermagan holda taraflarni nikohdan ajratish yoki 6 oygacha bo‘lgan muddat berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;

- nikohdan ajratish haqidagi har bir ishni ko‘rishda amalda oila barbod bo‘lishining oldini olish, bunga ota-onalar, mahalla va xotin-qizlar qo‘mitalari e’tiborini jalb qilib borish;

- taraflarning ishtirokisiz yoki yarashtirish komissiyalarining xulosasisiz nikohdan ajratmaslik.

Sudga qanday tartibda murojaat qilinadi?

Nikohdan ajratish to‘g‘risida sudga murojaat qilishda da’vo arizada quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

1) ariza berilayotgan sudning nomi;

2) da’vogarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, shuningdek, agar ariza vakil tomonidan berilayotgan bo‘lsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi va manzili;

3) javobgarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi;

4) da’vogarning talabi;

6) da’vogar o‘z talabiga asos qilib ko‘rsatayotgan holatlar va da’vogar tomonidan bayon qilingan holatlarni tasdiqlovchi dalillar;

7) arizaga ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.

Ariza da’vogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar ariza vakil tomonidan berilgan bo‘lsa, arizaga ishonchnoma yoki vakilning vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi kerak.

Arizada da’vogarni yoki uning vakilining, shuningdek, boshqa tarafning telefonlari va fakslari raqamlari, elektron manzili ko‘rsatilishi mumkin.

Arizada elektron manzili ko‘rsatilganligi arizachining sud chaqiruv qog‘ozlarini va boshqa xabarnomalarni, sud hal qiluv qarorlarining hamda ajrimlarining ko‘chirma nusxalarini elektron hujjat tarzida olishga bo‘lgan roziligidir.

Ariza ko‘chirma nusxalari bilan birga sudga beriladi.

Da’vo arizaga ilova qilinadigan hujjatlar:

  1. Da’vo ariza nusxasi
  2. Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma.
  3. Tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi.
  4. Pasport nusxasi.
  5. Davlat boji.
  6. Pochta xarajati.
  7. Ishonchnoma nusxasi (da’vo ariza ishonchli vakil tomonidan berilgan taqdirda).

B.NOROV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisi vazifasini bajaruvchi.