Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Noqonuniy ravishda “migalka” o‘rnatgan haydovchilar jarimaga tortilmoqda

Toshkent shahar IIBB maxsus tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni tegishli ruxsatsiz o‘rnatish qonunga zid ekanligini eslatib o‘tdi. Bu haqdagi ogohlantirish Toshkent shahar IIBB rasmiy saytida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, oxirgi paytlarda poytaxtda haydovchilarning avtomobillarga “migalka” va “sirena”lar o‘rnatganliklari holati tez-tez kuzatilmoqda. Shu bois ushbu harakatlarning jarimalarga sabab bo‘lishi IIBB tomonidan qayta ogohlantirildi.

Xususan, joriy yilning 10 yanvar kuni soat 12.20 da Minor masjidi yonida maxsus yorituvchi qurilma o‘rnatilgan “Spark” rusumli avtomobil shu hududda xizmat olib borgan YHXB YPX inspektori tomonidan to‘xtatilgan. Aniqlanishicha, avtomobilga o‘rnatilgan maxsus yorituvchi qurilmalar uchun haydovchi tegishli ruxsatga ega bo‘lmagan. Holat yuzasidan MJTKning 127-moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Ma’lumot uchun, tegishli ruxsatsiz transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish, davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklovchi, ularni anglashga to‘sqinlik qiluvchi turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish ana shu qurilmalarning musodara qilinishiga sabab bo‘ladi. Mazkur harakatlarni sodir etgan fuqaroga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, mazkur qoidabuzarlik hollarida avtomobil MJTKning 291-moddasiga muvofiq jarima maydonchasiga joylanadi.