Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Norozilik bildirgan ayolning ishi bo‘yicha deputatlik so‘rovi yuborildi

Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘lida bolta bilan, ko‘ksiga Prezident portretini ilib olgan ayolning uyi buzilishiga norozilik bildirgani aks etgan video tarqalgan edi.

Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidan Xolbibi Donayeva ishi bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha «parlament nazorati» tartibida Surxondaryo viloyati hokimiga deputatlik so‘rovi yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

«Gap shundaki, ushbu fuqaro bir oycha avval murojaat qilib, uy-joyining noqonuniy buzilishidan saqlashda yordam so‘ragandi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqaroga o‘tgan yili davlat va jamiyat manfaati uchun, deb buzilgan turar-joy o‘rniga, hokimiyat bilan tuzilgan bitimga asosan, hokim qarori bilan yakka tartibda uy-joy qurishga boshqa yer ajratib berilgan. Fuqaro imoratni qurib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirgan. Biroq ko‘p o‘tmay, tuman prokuraturasining protestiga asosan ushbu yer sug‘oriladigan yer bo‘lgani sababli hokimning yer ajratish haqidagi qarori bekor qilingan va fuqarodan bu yerni ham (uyni) buzib chiqib ketish talab qilingan.

Fuqaro aybsiz aybdorga aylanib qolgan.

Biroq bu yerda mas’ullar «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi Qonun talablarini inobatga olishmagan. Ya’ni, qonunning 59-moddasida «Agar manfaatdor shaxs (bu o‘rinda fuqaro – muallif tahriri) ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, ma’muriy hujjat asosida olingan mol-mulkdan foydalangan, o‘z mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan yoki ma’muriy hujjatda belgilangan naf va imtiyozlardan boshqacha tarzda foydalangan bo‘lsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim», deb belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, ushbu qonunning 16-moddasida «Vijdonan harakat qiluvchi manfaatdor shaxslarning ma’muriy hujjatga bo‘lgan ishonchi qonun bilan qo‘riqlanadi», deya kafolatlangan.

Qonunning ushbu talablaridan kelib chiqilsa, fuqaro hokimiyatning qaror bilan ajratib bergan hujjatiga ishonib, imorat qurgani uchun undan uyni buzdirish maqsadida ushbu qarorni bekor qilish mumkinmas.

Shu bois ushbu holatda qonunga amal qilinmagani yuzasidan tushuntirish berish, fuqaroning huquqlarini himoya qilish va kamchilikka yo‘l qo‘yganlarga chora ko‘rishni so‘rab, viloyat hokimi T.Bobolovga so‘rov yuborildi.

So‘rovga o‘n kun ichida javob berilishi shart.

Umid qilamizki, boshqa hududlarda yuqoridagidek vaziyatda qonun talablariga so‘zsiz rioya etiladi va qaytarib olish chorasi haqiqatan ham o‘zboshimcha, qonuniy hujjatga ega bo‘lmay turib egallab olingan yerlar doirasida bo‘ladi», deb yozadi deputat.