Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oqdaryo tumani 2-sektor: Kambag‘allikni qisqartirish qay darajada uddalanmoqda?

Oqdaryo tumanidagi hududlar kesimidagi to‘rt sektordan biriga tuman prokuraturasi mas’ul. Ushbu tizim xodimlari, umuman, sektorga biriktirilgan vakillar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni qanday bajarmoqda?

Albatta, dastlabki berilgan ma’lumotlarda qancha fuqaroga moliyaviy yordam ko‘rsatilgani, qancha oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgani aks etgan. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarning dori-darmon bilan ta’minlanishi ham ma’lum

– Faoliyatimizning asosiy mazmuni – ehtiyojmandlarga moddiy yordam ko‘rsatish yoki maslahatlar berishgina emas, balki, hududdagi 9 mahalladagi “temir daftar”ga kiritilgan 350 ta kam ta’minlangan oilaga kafolatlangan daromad manbaini yaratishdan iborat, – deydi 2-sektor kotibi Farrux Mirzayev. – Shu kunga qadar, kambag‘al oilalarning turmush tarzini yaxshilash uchun ularning a’zolaridan 400 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. Bundan tashari, 15 ta daromadi past yoki nochor oilaga subsidiya asosida issiqxonalar qurib berildi. Mazkur faoliyat bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yana 50 ga yaqin oilaga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishida yordam ko‘rsatildi.

“Endi kambag‘al emasman”

Rustam Xoliqov Oqdaryo tumani Paxtaobod mahallasi mustaqillik qishlog‘ida yashaydi. U sektor rahbarlari, mahalla faollari ko‘rsatgan yordamdan behad mamnun. Negaki, bugun uning xonadonida bekorchi odamning o‘zi yo‘q. Hatto, vaqt ham topilmaydi.

- Oilada to‘rt jonmiz, - deydi Rustam Xoliqov. – Rosti, u ish, bu ish bilan shug‘ullanib, birim ikki bo‘lmagan. Pandemiya davrida kambag‘allar ro‘yxatiga olishdi. Avvalboshda biroz noqulay bo‘ldi. Bugun ko‘rsatilgan yordam, berilgan e’tibordan xursandman. Bizga nima yordam qilishdi: avvalo kollejni tugatgan o‘g‘lim Samarqand shahridagi “8 mart” fabrikasiga ishga joylashtirildi. 4-5 oydan buyon ishlab kelayapti, oylik maoshi yomon emas.

O‘zim fermer xo‘jaligida traktorchilik qilyapman. Bugun-erta yana mavsum boshlanadi - traktorga o‘rnatilgan uskuna bilan 1 tonna loviyani tozalab bersam ish haqiga 50 kilogramm olaman. Bir kunda 3 tonnagacha loviyani yanchib berishim mumkin.

Sektor rahbarlari bosh bo‘lib, 1 sotixli issiqxona qurib berishdi. Bu yerda bodring parvarishlayapmiz. Kun ora 40 kilogramm bodring terib 2,5-3 ming so‘mdan sotyapmiz. Bodring endi “qaridi”, deb yulib tashlamoqchi edim. Lekin mutaxassislar “hali hosil beradi, yana bir oylarda olasiz, o‘rniga pomidor eking”, dedi. Ularning aytishicha, issiqlik ta’minotisiz ham yangi yil bayramiga pomidor hosilini bozorga chiqarsam bo‘larkan.

Rustam akaning hovlisida bo‘lganimizda bir gala tovuqlarni ham ko‘rdik. Aytishicha, oppoq tusli, yurishga qiynalib turgan bu 60 bosh parranda sektor rahbari tashabbusi bilan tadbirkorlar tomonidan berilibdi. Bitta “oshga bosamiz, uyga kiringlar”, deydi, Rustam aka.

Loviya musulmon davlatlarida xaridorgir

- Kambag‘al oilalarning 123 tasi bosqichma-bosqich ro‘yxatdan chiqarildi, - deya so‘zida davom etdi ikkinchi sektor kotibi F.Mirzayev. – Bunda albatta, o‘sha oila a’zolarining faolligi, harakati muhim ahamiyatga ega. Misol uchun, “temir daftar” da qayd etilgan oilalarga fermer xo‘jaliklarining g‘alladan bo‘shagan maydonlarida takroriy ekin uchun yer taklif qilindi. Bunga xohish bildirganlarga 2 gektargacha yer maydoni, ekin ekish uchun tayyor qilib berildi. Eng muhimi, loviya ekmoqchi bo‘lganlarga zarur miqdordagi urug‘lik ta’minotchi korxona tomonidan bepul ajratildi.

- Oqdaryo tumanida takroriy ekin uchun asosan loviya yetishtiriladi, - deydi “Pichoqchi dryu frukts” korxonasi ish yurituvchisi Afraim Suleymanov. – Chunki bu yerda loviyaning hosildorligi boshqa joylarga nisbatan yuqori bo‘ladi. Aynan shuning uchun korxonamizni shu yerda tashkil qilganmiz. Hozirda bir kunda 8-10 tonnagacha loviyani saralab, qadoqlaymiz. Mahsulotlarimiz asosan Eron, Gruziya hamda Rossiya Federatsiyasining Checheniston Respublikalariga eksport qilinadi. Joriy yilda 5 ming tonna mahsulot eksport qilishni rejalashtirganmiz. Tabiiyki, hosil ko‘p bo‘lishidan avvalo o‘zimiz manfaatdormiz. Shu bois, tuman prokurori bizga aholiga bepul urug‘lik berishni taklif qilganida bajonidil rozi bo‘ldik. Erta-indin tayyor bo‘lgan hosilni ham bozor narxida o‘zimiz xarid qilamiz.

Darvoqe, korxonamizda bugungi kunda 30 nafar xotin-qiz va 10 nafar yigit ishlayapti. Maxsus transport vositasida kelib ketayotgan ishchilarimizga uch mahal issiq ovqat tashkil qilingan. Tuman hokimligi, prokuratura yordami bilan faoliyatimizni yana kengaytirib, kelgusida ishchilar sonini 100 nafarga yetkazishni rejalashtirayapmiz.

“Kamida 10 million daromad qilaman”

Bu Alisher Navoiy mahallasida yashovchi Charos Eraliyevanig orzu-niyatlari. Uning aytishicha, g‘alladan bo‘shagan yarim gektar yerda takroriy ekin sifatida loviya ekkan.

- Loviya to‘liq pishib yetilsa, ikki tonnagacha hosil olish mumkin ekan, - deydi Ch.Eraliyeva. – Agar bir tonna hosil olganimizda ham bu ayni paytda 10 million so‘m sof foyda degani. Chunki, yerni tayyorlash yoki urug‘lik uchun xarajat qilmaganmiz. Rosti, pandemiya sabab davlatning juda katta yordamini his qildik.

Mahallaku o‘z yo‘liga, hatto sektor rahbarlari ham doim kelib xabar olib turishadi. Mana yaqinda hovlimizning bo‘sh turgan yeriga issiqxona qurib berishdi. Bu yerda yetishtirgan ekinimizni bozorga chiqarsak, ro‘zg‘orga ancha yordam bo‘lishi aniq.

Sektor hududini aylanarkanmiz, mahalla raislari va sektor mutasaddilarining hamkorlikda olib borayotgan ishlari o‘z samarasini berayotganiga guvoh bo‘ldik. Muhimi, amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, aniq maqsad va reja asosida faoliyat olib borilmoqda.

Misol uchun, sektor hududidagi Bozorjoy mahallasida joriy yilning o‘tgan davrida 3 ta korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hududda yuzlab fuqarolarni ish bilan ta’minlagan korxona mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish choralari ko‘rilmoqda.

35 ming aholining barchasi e’tiborda

- Bugungi kunda “temir daftar”da 130 yaqin oilalar bor, - deydi F. Mirzayev – Bu degani, biz faqat mazkur oilalar bilan ishlashimizni bildirmaydi. Shu ma’noda o‘tgan davr mobaynida hududda 20 ga yaqin korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Sharoiti, imkoniyati va eng muhimi xohishi bo‘lgan 15 ta xonadonga homiylar tomonidan chorva mollari olib borildi.

Bir so‘z bilan aytganda, hududdagi fuqaro borki, uning yashash sharoiti, oilaviy aholi, hatto salomatligi bilan bog‘liq holatlar ham doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.

Yoqubjon MARQAYeV,

Baxtiyor MUSTANOV.