Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston bozorida aylanayotgan dori vositalarining 90 foizi patent muddati tugagan va qayta ishlab chiqarilgan dorilar — CCB

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida "Mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish rejalari, hududiy shifoxonalar muammolari, bepul buyurtmalar olish tartibi" mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida jurnalistlar yurtimiz dorixonalaridagi dorilarning sifati, xossa va xususiyatlari haqida savol berdi.

“Bitta dorini yaratish uchun kamida 15 yil yoki undan ko‘p vaqt ketadi, — dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i Muhabbat Ibrohimova. — Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda kuzatiladigan real amaliyot. Dori ishlab chiqarilgandan keyin uning nomi original bo‘ladi. Original dori vositasi patentiga ega bo‘lgan firma uni 25 yil davomida faqat o‘zi ishlab chiqaradi, o‘zi narx belgilaydi. O‘sha dorini shu nom bilan, shu texnologiya asosida ishlab chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Xorijiy mamlakatlarda bitta dorini sintezdan to brend holatiga olib kelish uchun kamida 1 mlrd AQSh dollari sarf bo‘ladi. 10 mingta molekuladan faqat bittasi ta’sir nuqtasigacha yetib boradi, aynan shu molekula dori sifatida tanlab olinadi. Uni yaratish uchun ketgan xarajatlarni qoplashga sarflanadigan mablag‘ natijasida original dorining narxi qimmat bo‘lishi mumkin”.

Farmatsevtika agentligi vakili original dorilardan tashqari yana qanday dori turlari bo‘lishiga izoh berdi.

“Oradan 25 yil o‘tib, original dorilarning patent muddati tugagandan keyin boshqa firmalar ham xuddi shu dorini xuddi shu nom bilan, shu tarkib va shu texnologiya asosida ishlab chiqarish huquqiga ega bo‘ladi, — dedi Muhabbat Ibrohimova. — Bu dori generik deb ataladi, ya’ni u qayta ishlab chiqarilgan. O‘zbekiston bozorida aylanayotgan dori vositalarining 90 foizi generik dorilardir. Chunki ularning narxi pastroq. Original dori vositalari qimmatroq bo‘lishi va buning sababi haqida yuqorida aytib o‘tdim”.

OAV muxbirlari nega ayrim dorilar qimmatligi va bitta dori har xil joyda turli narxda sotilishini tushuntirib berishni iltimos qildi.

“Dorining arzon yoki qimmat bo‘lishi abstrakt tushuncha, — dedi Muhabbat Ibrohimova. — Chunki dori vositalari har xil texnologiyalar, har xil xomashyo, har xil formula asosida ishlab chiqariladi va ular har xil tarkibga ega bo‘ladi. Lekin, deylik, muayyan bir dori tarkibi, molekulasi bir xil bo‘lsa, narxi bir xil bo‘lishi mumkinmi? Yo‘q, bu imkonsiz. Buning sabablari haqida to‘xtalib o‘taman. O‘zbekistonga kiradigan barcha dori vositalari uchun ustama narx bir xil — 15 foiz qilib belgilangan. Ya’ni, dorining tannarxi ustiga shuncha foiz stavkasida narx qo‘yish mumkin. Masalan, diklofenak misolida tushuntirsam. Diklofenak dori vositasi bizda 35 ta firmada qayd etilgan. Mamlakatimizda diklofenakning Germaniya, Eron, Afg‘oniston, Xitoy, O‘zbekistonda ishlab chiqarilganlari bor. Ularning hammasining tannarxi har xil. Shu tufayli va ularning mamlakatimiz hududiga kirayotganda ustiga 15 foizgacha narx qo‘yilishi ta’sirida ham narxlar turlicha bo‘lishi mumkin”.

Mutaxassis ko‘tarilgan muammoning sabablari yuzasidan batafsil sharh berdi.

“Ikkinchi sabab — dori vositalari bizda biznesga kirdi, — dedi Muhabbat Ibrohimova. — Shundan kelib chiqib, dorilarning miqdoriga qarab marketing asosida narx belgilashadi. Ulgurji firma katta miqdorda dori olib kelsa, arzonga tushadi. Uchinchi sabab — dorilarni transport vositari orqali tashib keltirish xarajatlari. Ma’lumki, ular har xil yo‘llar orqali olib kelinadi. To‘rtinchi sabab — bizda dorixonalarda 20 foizgacha ustama narx qo‘yish belgilangan. Kimdir katta tarmoqli dorixonani yuritayotgani uchun faqat 10 foiz qo‘yishi mumkin, kimdir 20 foiz qo‘yishi mumkin. Yana boshqa sababi — ushbu me’yoriy stavkaga qaramay, ba’zi dorixonalar 20 foizdan ham oshiq narx qo‘yadi. Ming afsuski, hozirda bunday holatlar bizda kuzatilmoqda. Mana shu omillar ta’sirida O‘zbekistonda dorilar narxi farqlanishi mumkin”.