Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston IIV Qozog‘istonda «Nelegal» nomli tadbir o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi hamda Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan 18-22 noyabr kunlari Qozog‘istonning Nur-Sulton, Olma-ota va Chimkent shaharlarida “Nelegal” nomli tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi, odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi va migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi xodimlari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘iston Respublikasidagi elchixonasi konsullik vakillari ishtirok etdi.

Vazirlikning aytishicha, tadbirdan maqsad jinoyat sodir etib, qidiruvda bo‘lgan shaxslarni ushlash hamda respublikamiz fuqarolariga noqonuniy migratsiya va uning salbiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berishdan iborat.

Nur-Sulton, Olma-ota va Chimkent shaharlarida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan 3 nafar xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslarning yashirinib yurgan manzillari aniqlanib, ular qo‘lgan olindi.

Migratsiya qonunchiligini buzgan 6 nafar (1 nafar Qozog‘iston Respublikasi Davlat chegarasini qasddan noqonuniy kesib o‘tish, 1 nafar noqonuniy migratsiyani tashkil etish, 4 nafar sud hukmi, sud qarori yoki boshqa sud hujjati yoki ijro varaqasi ijro etilmasligi) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jinoiy jazoga tortilgan bo‘lib, chet el fuqarolarining ishchi kuchidan foydalanish qoidalarini buzgan 56 nafar Qozog‘iston Respublikasi fuqarolari (ish beruvchi)ga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Shuningdek, 186 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Qozog‘iston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzganligi uchun fuqarolarimizga majburiy tartibda davlatdan chiqib ketish bo‘yicha sud tomonidan ajrim chiqarildi hamda 427 nafar shaxsning Qozog‘iston Respublikasida bo‘lish muddati qisqartirildi.

Tadbirlar davomida aniqlangan 2.088 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan mazkur davlatda bo‘lish tartib qoidalarini buzmaslik yuzasidan va qonunchilikka amal qilish bo‘yicha alohida profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan Nur-Sulton, Olma-ota va Chimkent shaharlarida joylashgan xorijiy fuqarolarni vaqtincha ushlab turish markazlarida saqlanayotgan 218 nafar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan fuqarolarimiz bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ular orasidan yordamga muhtoj bo‘lganlariga vatanga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Tadbirlar davomida Qozog‘iston Respublikasi IIV bilan ikki davlat o‘rtasidagi “readmissiya” haqidagi kelishuvga asosan, xorijiy fuqarolarni vaqtincha ushlab turish markazlarida saqlanayotgan va majburiy mehnat ekspluatatsiyasiga tushib qolgan hamda turli sabablarga ko‘ra, vatanga qaytib kelolmayotgan 83 nafar (23 nafari qaytarildi) fuqarolarimizga nisbatan hech qanday qonuniy choralar ko‘rilmasdan, Qozog‘iston Respublikasi hududidan chiqarib yuborishga kelishildi.

Shu bilan birga, Chimkent shahri va Turkiston viloyatida joylashgan “Samal va Sariagash” nomli xalqaro avtovokzallarda, Rossiya davlatiga chiqib ketadigan avtotrassalarda turli xil noxush holatlar sodir etilishining oldini olish (ob-havo sharoiti yomonlashganligi sababli) maqsadida avtobus haydovchilari va yo‘lovchilar orasida profilaktik-ogohlantiruv ishlari o‘tkazildi.

Hozirgi kunda Qozog‘iston Respublikasi hududida ikki davlat IIVlari va “Sana-Sezim” jamoatchilik fondi ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida 23 nafar qiyin ahvolga tushib, ayrimlari esa majburiy mehnat ekspluatatsiyasiga tushib qolgan hamda 10-15 yil davomida vatanga qaytib kelolmayotgan fuqarolarimizga Qozog‘istondagi O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasi orqali “Vatanga qaytish guvohnomasi” konsullik to‘lovlaridan ozod etilgan holda rasmiylashtirilib, Tashqi mehnat migratsiya agentligi ko‘magida “Olma-ota – Toshkent” aviareysi bilan (aviachipta olib berilib) olib kelinishiga erishildi.