Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston qonunchiligi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tamoyillariga qanchalik mos?

Saylov - 2019

Inson huquqlari — har bir davlatning demokratik taraqqiyoti darajasini ko‘rsatuvchi muhim mezon. Shuning uchun ham xalqaro va milliy huquqiy tizimda inson huquqlariga alohida e’tibor qaratiladi, deb yozmoqda O‘zA.

Insonning asosiy huquq va erkinliklarining ro‘yxati va mazmuni 1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan — Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan. Mazkur hujjat odatda dunyoning vijdoni, insoniyat ma’naviyatining etaloni, deb qaraladi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlaridan, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat’iy nazar, har bir insonning ehtiyojlarsiz va o‘z shaxsiy daxlsizligi uchun hadiksiramay yashash huquqi, so‘z va e’tiqod erkinligi, adolatli va butun dunyoda tinchlikka bo‘lgan huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.

Inson huquqlari — bu butun insoniyatning intilishlari, orzu-umidlarini o‘ziga jamlagan keng qamrovli tushuncha bo‘lsa, fuqaroning siyosiy huquqlari uning ajralmas qismidir. Siyosiy huquqlarni ta’minlash esa, eng avvalo, ochiq va oshkora tashkil etiladigan saylovlarda namoyon bo‘ladi.

Yurtimizda inson huquq va erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan samarali islohotlarga hamohang tarzda milliy saylov tizimi ham mamlakatimizda tarixan shakllangan va so‘nggi yillarda yuksak darajaga ko‘tarilgan milliy qadriyatlarimizga, boy davlatchilik tajribamizga, xalqaro huquqda umume’tirof etilgan saylovga oid demokratik tamoyillarga monand takomillashib bormoqda.

Aslida saylovlar demokratik qadriyat bo‘lib, fuqarolarning siyosiy huquqlarini amalga oshirishlari uchun keng siyosiy maydon yaratadi. Shu boisdan ham inson huquqlarini, shu jumladan uning siyosiy huquqlarini himoya qilish va ta’minlash mustaqilligimiz qomusi bo‘lmish Konstitutsiyaning asosiy tamoyillaridan biridir.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasida: “Har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillari vositasi orqali o‘z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga ega. Har bir inson o‘z mamlakatida davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega. Xalq irodasi davlat (hukumat) hokimiyatining asosi bo‘lishi lozim. Bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o‘tkaziladigan saylovlarda o‘z aksini topishi lozim”ligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Endi, ushbu noyob, umume’tirof etilgan insonparvar xalqaro huquq normalari bizning milliy qonunchiligimizda qay darajada aks etganligiga e’tibor qaratamiz.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, Konstitutsiyaning 117-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi. Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar”.

Uchinchidan, Konstitutsiyasining 18-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar”.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 4-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari umumiydir. Saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir. Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’iy nazar, teng saylov huquqiga egadir”.

Beshinchidan, Saylov kodeksining 7-moddasiga muvofiq, “Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta’minlanadi”.

Oltinchidan, Saylov kodeksining 8-moddasiga muvofiq, “Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi. Saylov komissiyalari fuqarolarni o‘z ishi to‘g‘risida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida xabardor etadi, saylovchilarning ro‘yxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro‘yxati bilan tanishtiradi, ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi ma’lumotlarni ma’lum qiladi.

Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday o‘tayotganligini yoritib boradi. Saylov komissiyalarining majlislari ochiq o‘tkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi yoki Saylov kodeksida belgilangan tartibda hammaga ma’lum qilinadi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga ega”.

Yettinchidan, Saylov kodeksining 8-moddasiga muvofiq, “Saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi. Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov Kodeksiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi. Masalalarni ko‘rib chiqish va qarorlar qabul qilish saylov komissiyasi tomonidan kollegial tarzda amalga oshiriladi. Saylov komissiyalari nomzodlarga, siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun teng shart-sharoitlarni, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish uchun ajratilgan byudjet mablag‘larining adolatli taqsimlanishini, ovoz berishning va saylov yakunlarini chiqarishning halol bo‘lishini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘radi”.

Shu kabi xalqaro huquqda umume’tirof etilgan, O‘zbekistonning milliy manfaatlari va qadriyatlariga zid bo‘lmagan normalarning milliy qonunchiligimizda aks etganligini ko‘plab misollar orqali yoritish mumkin. Zero, O‘zbekiston Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan asosiy qoidalarni milliy qonunchilikka to‘liq implementatsiya qilgan.

E’tiborlisi, yurtimizda shu asosda inson huquqlarini ta’minlash hamda himoya qilish borasida o‘ziga xos milliy tizim yaratilgan va bu masalada maxsus milliy institutlar tashkil etilgan.

2019 yil 22 dekabrda bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlari sayloviga “Yangi O‘zbekiston. Yangi saylovlar” shiori ostida start berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududlarda tashkil etilgan barcha darajadagi saylov komissiyalari tomonidan o‘z faoliyatlarida mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplariga qat’iy amal qilgan holda saylovni ochiq oshkora, milliy qonunlarimiz, boy tajribamiz va umume’tirof etilgan xalqaro standartlar talablariga mos ravishda yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari o‘z vakolatlari doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalari ishiga yaqindan ko‘mak bermoqdalar.

Xulosa qilib aytganda, bo‘lajak saylovlar mamlakatimiz milliy taraqqiyotining hozirgi bosqichida xalqimiz o‘zi tanlagan yuksalish yo‘lidan ildam borayotganligini, birdamligini, islohotlarning orqaga qaytmas tus olganligini, aholining siyosiy-huquqiy madaniyati yuksalib, ijtimoiy faolligi ortganligini, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanib borayotganligini dunyo hamjamiyatiga yana bir bora namoyon etadi.

Xudoyor Mamatov,

Markaziy saylov komissiyasi kotibi.

Yuridik fanlar doktori, professor.