Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qishloqda kitob do‘koni ochildi

Ishtixon tumani “Chaqar” mahallasida yakka tartibdagi tadbirkor Nigora Qarshiyeva tomonidan kitob do‘koni faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
— Yoshlar o‘rtasida kitobxonlik targ‘iboti bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda, — deydi tadbirkor Nigora Qarshiyeva. — Shu bois, tadbirkorlik faoliyatimni mazkur yo‘nalishda tashkil etishga qaror qildim. Mahalla ahlining kitobga bo‘lgan e’tibori juda yuqori. Dastlabki kunlardanoq, mavjud badiiy adabiyotlarning asosiy qismi kitobxonlar tomonidan xarid qilindi. Ko‘plab buyurtmalar tushdi.
Kitob do‘koni mahalla hududida joylashgan 36-umumta’lim maktabi yonginasida qurilgan. 660 o‘rinli maktabda bugungi kunda 900 nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim oladi. Maktab hududdagi 4 ta maktab uchun tayanch maktab sifatida tanlanib, hududiy ishlab chiqarish majmuasi tashkil qilingan. Majmuada mazkur maktabdan tashqari 40,67, 80-umumta’lim maktablarining 370 nafar 9 va 10-sinf o‘quvchilari 5 ta mutaxassislik bo‘yicha kasb-hunar o‘rganmoqda. 65 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya berayotgan maktab o‘quvchilari ilm olishga, kasb-hunar egallashga ishtiyoqmand. O‘quvchilar maktab kutubxonasidagi adabiyotlardan tashqari yangi ochilgan kitob do‘konidagi kitoblardan muntazam foydalanishmoqda.
— Kitob do‘koni ochilgach, o‘quvchilarimiz o‘rtasida kitobxonlikka bo‘lgan qiziqish ortdi, — deydi maktab direktori Usmon Isariyev. — Avvallari kitob xarid qilish uchun tuman markaziga borib kelish uchun sarflangan mablag‘ga o‘zimizning kitob do‘konidan bitta kitob olish mumkin.
“Chaqar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nasim Ahmedovning ta’kidlashicha, tadbirkor Nigora Qarshiyeva tomonidan tashkil qilingan kitob do‘koni yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, yosh tadbirkor Anvar Berdiqulov “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasining 100 million so‘m imtiyozli krediti hisobidan mahallada tikuvchilik sexi, trenajyor zal, erkaklar va ayollar sartaroshxonalari tashkil etmoqchi.

A.Isroilov.