Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qiymati 2 milliard so‘mdan ortiq noyob madaniy boyliklar yurtimizdan olib chiqib ketilishining oldi olindi

“Madaniy boyliklarni olib chiqish va olib kirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosi doirasida Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari ham madaniy boyliklarni noqonuniy olib chiqilishi bilan bog‘liq yirik qonunbuzarlikka chek qo‘yishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

“Sirdaryo” chegara bojxona postiga “Lasetti” avtomashinasida kirib kelgan fuqaro X.D.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortdi. Shundan so‘ng avtomobil va uning tirkamasidagi yuklar haydovchi va xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, ushbu shaxs deklaratsiyada ko‘rsatilmagan va bojxonachilarning og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, Madaniyat vazirligining tegishli ruxsatnomasi bo‘lmagan 32 dona turli ko‘rinishdagi haykallar, 1 dona ikona, 1 dona xoch, 12 dona ko‘za hamda 1 dona vazalarni yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lganligi aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi badiiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu madaniy boyliklar XVII asr oxiri – XVIII asr boshlarida Xitoy davlati hamda IX asr oxiri va XX asr boshlarida G‘arbiy Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilganligi va ularning umumiy qiymati  2 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.