Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shrabot. Qiyqim. 462-kontur. Yer kimniki, nega unda bog‘cha qurib bo‘lmaydi?

Qo‘shrabot tumanidagi Qiyqim qishlog‘ida yashovchi Hamroqul Hotamov, mana, bir necha oydirki, turli idoralarga shikoyat xatlari yozmoqda. U qishloq o‘rtasidagi 462-konturning bo‘sh turgan va davlat zaxirasidagi yerda davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish uchun tuman mutasaddilari qarshilik qilayotganini aytyapti.

Oldindan aytish mumkinki, o‘rganish davomida mas’ullar murojaatni “yopish”nigina istashayotgani, garchi murojaatchining talablari noto‘g‘ri bo‘lsa-da mavjud muammolarga ko‘z yumib kelayotganiga guvoh bo‘ldik. Yerdan foydalanish, 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi achinarli ahvolda bo‘lishiga qaramay, mas’ullarning bu muammolarni chetdan kimdir kelib hal qilib berishi kerakdek harakat qilayotgani ajablanarli...

Bog‘cha ham yo‘q, aniq reja ham

Qiyqim mahallasi oqsoqollari bergan ma’lumotga ko‘ra, hududda 8 ming nafarga yaqin aholi yashaydi. 250 nafari bog‘cha yoshidagi bolalar. Xo‘sh, ularning qanchasi maktabgacha ta’limga qamrab olingan?

- 190 nafari bog‘chaga boradi, - deyishdi mahalla faollari.

Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mutasaddilari mahalladagi 100 nafar bola maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrab olinganini ma’lum qildi. Ular bu fikrni hududdagi 50 o‘rinli davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti borligiga tayanib aytishdi.

Qishloq chetidagi katta yo‘lning qarama-qarshi tomonida joylashgan muassasada bo‘lganimizda esa mudira 50 nafar bolajonlar ta’lim-tarbiya olayotganini bildirdi.

- Maktab yoshidagi bolalar bepul jalb etilgani va guruhlar soni ko‘paytirilgani hisobiga tarbiyalanuvchilar 100 nafarga yetadi, - deydi tuman MTM bo‘limi yuristi Alisher Qarshiyev. - 2022 yilda hududda davlat dasturi asosida 100 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish bo‘yicha taklif berganmiz.

2022 yilda?! Xo‘p, shu kunlarga yetkazsa ko‘rarmiz, ammo bu yoqda hali u taklif o‘tadimi, degan masala ham bor. Biroq odamni bir o‘y qiynaydi: mabodo shu taklif amalga oshgan taqdirda ham hududdagi bolalar to‘liq qamrab olinmaydi-ku. Ya’ni, bu bilan maktabgacha ta’limga bo‘lgan bugungi ehtiyojni ham qondirishning iloji yo‘q-ku. 2022 yilda hududdagi bolajonlar safiga ukalari ham qo‘shilib, ular ham akalari singari maktabgacha ta’limdan bebahra qolaveradimi?

Afsuski, bu savolimizga ham mutasaddilardan tayinli javob ololmadik. Aniqrog‘i, ular sukut saqlab vaqtni o‘ldirishni lozim topishdi.

- Davlat bog‘chasini qurish katta mablag‘ va turli masalalarga yechim topishni talab qiladi. Xususiy bog‘cha quraman, degan tadbirkorlar ham yo‘qdir. Ammo odamlarning uyida oilaviy bog‘cha tashkil qilib, muammoga yechim topishning iloji ham yo‘qmi?

- Oilaviy bog‘chalar bo‘lishi kerak, - tuman MTM bo‘limi yuristi, savolimizga savol bilan javob qaytararkan mahalla faollariga yuzlandi. Ular esa indamay, yelka qisib qo‘yaqolishdi. - Aka, sizni tushunmadim, Hamroqul aka bog‘cha kerak demayapti, yerni olib beringlar, bog‘cha quraman, deyapti.

Murojaatdan muddao nima?

To‘g‘ri, Hamroqul Hotamovga qishloqda bog‘cha bo‘lishi yoki bo‘lmasligi muhim emas. U 462-konturning o‘rtasida xususiylashtirib olingan va unumli foydalanilmayotgan 1,25 gektar maydonni davlat zaxirasida, deb hisoblayapti. Unga egalik qilayotgan fuqaroning bu yerga haqqi yo‘q, degan vajni bildirmoqda.

- Qishlog‘ingizda auksion savdosiga chiqarilgan 3 ta yer maydoni bor ekan, marhamat, shulardan birini sotib oling, - deydi tuman MTM yuristi Alisher Qarshiyev. – Maktabgacha ta’lim tashkiloti quraman, desangiz, biz sizga yo‘l-yo‘rig‘ini ko‘rsatamiz. Kredit olishda ko‘maklashamiz.

- Nega men qurishim kerak, mana, qishloq markazida bo‘sh yer turibdi, bog‘chani davlat qursin, - deydi H.Hotamov. – Agar bu yerdan bog‘cha qurilsa, qo‘shni qishloqlardan ham bolalar kelib-ketishi uchun qulay. Baribir yaqin atrofda bog‘cha yo‘q-ku.

Tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi xodimlari H.Hotamovga tegishli uyning janubiy tomonida, aniqrog‘i, yo‘lning qarama-qarshisida joylashgan bu yer davlat zaxirasida emasligini bildirdi. Ular bu haqda viloyat hokimligi va boshqa bir nechta tashkilotga javob xatlari yozgan, shu yerda videolavha tayyorlab, respublika tashkilotiga ham taqdim etgan.

- Sizlar bilan ish bitmaydi baribir, menga Toshkentdan tekshiruvchi kelishi kerak, - deydi H.Hotamov. – Birinchi marta yozganimda, bu yerda yantoq o‘sib qarovsiz bo‘lib yotgandi. Birdan mosh ekib qolishdi. Nega? Chunki, yerni noqonuniy egallab turibdi.

Agar sezgan bo‘lsangiz, masalaning tub ildizi o‘zaro kelishmovchilikda. Ikkala tomonga ham bolalar bog‘chasi kerak emas...

462-kontur davlat zaxirasidami, yo‘qmi?

Bizningcha, bu masalani huquq-tartibot organlari, xususan, prokuratura jiddiy o‘rganib ko‘rishi shart. Negaki, yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining Qo‘shrabot filiali xodimlari barcha murojaatlarga bu yer qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan, unumdor va sug‘oriladigan joy, degan asossiz javobni taqdim etib kelmoqda.

Mazkur masala yuzasidan tuman hokimi H.Oqbo‘tayev bilan uchrashganimizda, “Qo‘shrabotda suvli yer bormikan?”, deya savolimizga savol bilan javob qaytardi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, murojaatchi talab qilayotgan joydan garchi suvsiz joy bo‘lsa-da, bog‘cha qurib bo‘lmaydi. Chunki ayni ko‘rsatilgan yerdan foydalanilmayotgani bilan atrofda uzum toklari gurkirab turibdi. Demakki, yer unumdor, ya’ni kadastr xodimlari ta’kidlayotganidek, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan maydon.

Darvoqe, H.Hotamovning aytishicha, bo‘sh turgan maydonning to‘rt tomonidagi tokzorlardan biri aynan uning o‘ziga - H.Hotamovga tegishli.

Masalani o‘rganish davomida tuman mutasaddilariga 462-konturdagi yer maydonlarining to‘liq hujjatlarini so‘radik: qaysi kimga, qachon, nima asosda va qanday maqsadda berilgan?

Afsuski, “yaxshi”, deb javob bergan mutasaddilardan darak bo‘lmadi. Tuman hokimi qabulida bo‘lganimizda ham ayni muddaoni bildirdik. Topshiriq olgan xodim esa faqatgina H.Hotamov bo‘sh turgan, deya iddao qilayotgan maydon Salohiddin Ochilovga tegishli ekanligi haqidagi hujjatlarni taqdim qildi, xolos.

Ammo qayd etish lozimki, 462-konturdagi 1,25 gektar yer maydoni S.Ochilovga tegishi ekanligi ham shubhali. To‘g‘ri, ijara huquqi bilan tegishli ekanligi to‘g‘risida 2004 yil 26 dekabrdagi kadastr hujjati, unga asos bo‘lgan tuman hokimining 1996 yil 3 iyuldagi xususiy mulk qilib sotish haqidagi qarori, 2004 yil 24 dekabrdagi “Oqtepa” shirkat xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnoma bor. Biroq surishtiruvimiz davomida “Oqtepa” shirkat xo‘jaligi raisining ushbu yerni auksion savdosiga qo‘yish to‘g‘risida aynan o‘sha kuni, ya’ni 2004 yil 14 dekabr kuni S.Ochilovga 1,25 gektar bog‘ sotilgani uchun xususiylashtirib berish to‘g‘risida xat chiqarganiga guvoh bo‘ldik.

Sotilgan yoki sotilmaganiga ko‘z yumgan taqdirda ham boshqa bir hujjat yanada ajablantirdi. Viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi 2002 yilda qayd qilinayotgan maydondagi olchazor o‘rnida tokzor tashkil qilish sharti bilan uni buzishga ruxsat bergan. Ammo bugun S.Ochilovga tegishli yer tap-taqir maydon bo‘lib turibdi. Kamiga bu yerda uy-joyning poydevori qurilgan.

O‘ylaymizki, yerlarning noqonuniy o‘zlashtirib olinishiga qarshi keskin kurash olib borayotgan prokuratura xodimlari bu masalaga ham befarq qaramaydi.

Yoqubjon MARQAYeV,

“Zarafshon” muxbiri.