Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sahih hadislarning 40 foizi Payg‘ambarimizning (s.a.v.) zavjalari Oisha onamizdan kelib chiqqan

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida AQShning Stenford universiteti ma’ruzachisi bo‘lgan yosh vatandoshimiz – dinshunoslik va O‘rta Osiyo tarixi fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori Aziza Shonazarova ishtirokida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti yosh olimlar kengashi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminar-treningda Islom dinida ayollarning o‘rni, xotin-qizlar to‘g‘risidagi oyatlar va ularning talqinlari, hadislarda bayon etilgan ayollarning jamiyatdagi roliga oid masalalar haqida so‘z yuritildi.

Aziza Shonazarova “Islom dinida ayollarning o‘rni olimalar nigohida” mavzuidagi ma’ruzasida islomda xotin-qizlar o‘rnining zamonaviy talqinlari, mashhur musulmon olimalarning ilmiy nazariyalari haqida so‘zladi. Jumladan, Leyla Ahmad (Garvard universiteti), Fotima Mernessi (Sorbonna universiteti), Amina Vadud (Virjiniya universiteti), Saba Mahmudning (Berkli universiteti) tadqiqotlarida bahs qilingan ayollar va gender masalalari, hijob haqidagi fikrlar, Islom dinida ayollarning o‘rni, an’anaviy islomiy talqinlarda ayollarning ikkinchi darajaga tushib qolishi, “Xammurapi qonuni” bilan bog‘liq nazariyalarga to‘xtalib o‘tdi. Qur’on oyatlarini asosan erkak ulamolar sharhlab, tafsir qilib kelganiga e’tibor qaratib, aslida Islomda muzakkar va muannas Yaratganning oldida teng ko‘rilishini misollar bilan qayd etdi.

– Sahih hadislarning 40 foizi Payg‘ambarimizning (s.a.v.) zavjalari Oisha onamizdan kelib chiqishi o‘sha paytlarda ayollarga munosabat qanday bo‘lgani va ularning jamiyatdagi mavqeini qanchalik yuksak ekanligini bildiradi, - dedi Aziza Shonazarova.

Seminar-treningda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan AQShning Stenford universiteti o‘rtasida ilm-fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.