Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand oliy ta’lim muassasalari matbuot kotiblariga o‘quv-seminar uyushtirildi

Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim tizimida ro‘y berayotgan islohotlar, yangiliklar nihoyatda ko‘p. Ammo biz ularning qanchasidan xabardormiz?

Bugun viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan “Ta’lim tizimi axborot xizmatlari rahbarlarining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi: muammo va yechimlar” mavzusidagi o‘quv-seminarda shu haqda so‘z yuritildi.

Tadbirga viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining axborot xizmati vakillari jalb etildi.

- Viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari bor. Biroq ushbu saytlarda kerakli axborotlar berib borilayaptimi, degan savolga javob topishimiz kerak, - dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi Farmon Toshev. – Matbuot kotibining qanday ishlayotgani u tayyorlayotgan axborotlar bilan baholanadi. Matn dolzarb mavzuda, qiziqarli yoritilsa, u o‘z o‘quvchisini topadi.

Tadbirda matbuot kotiblariga qo‘yilayotgan vazifalar o‘zini qanchalik oqlayotgani va e’tibordan chetda qolayotgan masalalar muhokama etildi. Shuningdek, Samarqand viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi bosh mutaxassisi Rohila Ochilova, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bo‘lim boshlig‘i Gulruh Mo‘minova matbuot kotiblarining vazifalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Matbuot kotiblari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

X.ERNAZAROVA.