Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Oblaqulov: COVID-19 pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashamiz!

Aziz hamshaharlar!

Bugun nafaqat Siz va biz, balki butun insoniyatni koronavirus, deb atalmish tez tarqaluvchan, o‘ta yuqumli kasallik tashvishga solmoqda. Kasallikning o‘chog‘i Xitoyda bo‘lsa-da, tez orada jahonni qamrab oldi. O‘zining xatarli oqibatlari bilan barcha to‘siqlarni yengib o‘tayotgan ushbu kasallikka qarshi butun hamjamiyat kurashmoqda.

Mamlakatimiz, jumladan, shahrimizda ham ushbu o‘ta yuqumli kasallikning oldini olish, unga chalinganlarni sog‘lomlashtirish, xorijda bo‘lib qaytganlarni karantin holatida saqlash choralari ko‘rilmoqda. Mamlakatimiz Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida bugungi kunda barcha amaliy choralar olib borilmoqda.

Ushbu farmonga muvofiq, joylarda aholi salomatligini muhofaza qilish, xorijdan qaytganlarni maxsus karantinda saqlash, kasallik aniqlangan bemorlarni davolash yuzasidan umumdavlat miqyosidagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Har qanday kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish ma’qul, degan gap bor xalqimizda. O‘zining boy an’ana va udumlariga ega bo‘lgan xalqimiz azaldan ana shu naqlga amal qilib kelgan. Har qanday xastalikning oldini olishda tozalik-ozodalik, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish asosiy talab hisoblanadi. Avvalo, o‘z tanamizni, yashayotgan xonadonimizni, ko‘chamiz va mahallamizni, shahrimiz ozodaligini ta’minlasak, har qanday dardning oldini olgan bo‘lamiz.

Muhtaram hamshaharlar!

Yuqumli kasallik tarqalishi munosabati bilan butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham ehtiyot choralari keng miqyosda qo‘llanilmoqda.

Maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, kasb-hunar ta’limi va oliy o‘quv yurtlarida karantin tizimining joriy etilishi avvalo, farzandlarimiz, qolaversa, barchamizning salomatligimizni saqlash uchun qilingan umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli chora-tadbirlardir.

Bundan tashqari, karantin munosabati bilan uyda o‘tirishi lozim bo‘lgan, ehtiyoj bo‘lmasa, ko‘chaga chiqish mumkin emasligi uqtirilgan ayrim sohalar xodimlari, nafaqaxo‘rlar “zerikkani”dan ko‘chaga yo‘l olayotganligiga guvoh bo‘lyapmiz. Ma’lumki, bugun mamlakatimizda barcha ommaviy va ko‘ngilochar tadbirlar, rasmiy yig‘ilishlarni o‘tkazishga qat’iy ta’qiq qo‘yilgan. Shunga qaramasdan ilgarigidek bordi-keldini davom ettirayotgan, bunda majburiy ta’tilda bo‘lgan farzandlarini ham jalb etayotgan ota-onalar yo‘q emas. Tantanalar va ommaviy tadbirlarni bekor qilishdan maqsad Siz va bizning salomatligimizni saqlashdan iborat. Axir bunday tadbirda bir bemor ishtirok etsa, kamida o‘ndan ortiq sog‘lom odamni viruslar bilan “ta’minlagan” bo‘ladi.

Keyingi paytlarda shifoxonalarda ham karantin tartibi joriy etilishi munosabati bilan bemorlarni qabul qilishning yangi yo‘nalishlari belgilandi. Unga muvofiq, salomatligida jiddiy o‘zgarish bo‘lgan bemor yoki uning yaqinlari bevosita “Tez tibbiy yordam”ga telefon orqali murojaat etishlari zarur. Afsuski, hozirgi holatda ko‘pchilik bemorning holatini hisobga olmasdan, yuqoridagi xizmatga murojaat etmasdan, bemorni shifoxonaga keltirish holatlari kuchaymoqda. Bu hol ayni paytda koronavirus xavfi bilan kurashayotgan shifokorlar xizmatida yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Eng og‘ir holatlar yoki koronavirusning dastlabki alomatlari kuzatilishidan tashqari, barcha holatlarda fuqarolarimiz shifoxonalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelmasdan, uyida turib murojaat etishi bo‘yicha tizim yaratilgan.