Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahri Qorasuv massivida qurilayotgan yangi uy-joylarda nima gaplar?

Qariyb yarim million aholisi bor Samarqand shahrida bundan o‘n yilcha avval ko‘p qavatli uylar xususiy tartibda qurila boshlangach, bizda uyga ehtiyojmandlar nechog‘lik ko‘p ekanini ko‘rgandik. O‘sha «korobka» xonadonlar uchun ham iltimosu tanish-bilishchilik boshlanib ketdi. Bugun arzon uy uchun tortishib yurgan hamshaharlarimizning ba’zilari ana shu «quti»larga buyurtma ham berishgandi.

Bundan «ruhlangan» «quruvchilar» esa hokimlik va arxitektura boshqarmasini ham chetlab o‘tib, o‘zlari istagan joyda ko‘pqavatli uy-joy qurishga kirishib ketdilar. Buning oqibati nima bilan tugayotganini hammamiz ko‘rib, bilib turibmiz.

Ana shunday bir paytda davlatimiz rahbari 2017 yil 23 oktyabrda aholiga arzonlashtirilgan uy-joylar qurishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan qaror qabul qildi. Garchi bu hujjat asosida kimlar bu uylarga talabgor bo‘lishi mezonlari belgilangan bo‘lsa-da, uyga ehtiyojmand har bir oila navbatga turishga intildi. Bunday uylar har bir tumanda qurilishi belgilansa-da, hamma viloyat markazida yashashni xohlab qoldi. Boz ustiga Samarqand shahar uy-joy taqsimoti komissiyasi nomigagina tashkil etildi. Komissiya raisi shahar hokimi bo‘lishiga qaramasdan unga hokim o‘rinbosari T.Esirgapov «rahbarlik» qildi. Prezident qarorida bu vazifa hokimning boshqa o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga yuklatilgandi.

Hujjatlarni o‘rganar ekanmiz, shu narsaga guvoh bo‘ldikki, komissiya to‘la tarkibda uyga talabgorlar masalasida maslahat o‘tkazmagan. Bu ishni «ishchi guruhi» bahonasida hokimning birinchi o‘rinbosari kotibiyati va uy-joy fondi bo‘limi xodimlari bajarishgan.

Eng yomoni, uy-joy olish uchun navbatga qo‘yish pala-partish tashkil etilgan. Onlayn tartibi joriy etilmagani bois qog‘ozdagi ro‘yxatlar «tasodifan» o‘zgarib qolavergan.

Komissiya va tegishli banklarning jiddiy xatosi shundaki, ular uyning tannarxi, narxi, kredit foizlari xususida aholini yetarli darajada xabardor etmagan. Bu ham yetmaganidek, «O‘zshaharqurilish invest» tashkilotining loyiha smetasi tayyor bo‘lguncha bergan taxminiy narxini ko‘pchilikka og‘zaki ravishda oxirgi belgilangan narx sifatida e’lon qilib yuborgan. Vaholanki, bu narx taxminiy, ilgari qurilgan besh qavatli uylar uchun belgilangan edi.

Shunday paytda davlatimiz rahbari Samarqandga tashrifi chog‘ida Qorasuv mavzesida yirik aholi maskani va infratuzilma yaratish vazifasini qo‘ydi. «Agromir» korxonasi bu taklifga labbay deb javob berib, mavzeda 12-16 qavatli turarjoy qurishga kirishdi. Turkiyalik mutaxassislar bilan barpo etilayotgan bu uy loyihasi zamonaviyligi, xonalarning keng va balandligi bilan ko‘pchilik e’tiborini tortdi. Yashirib nima qilamiz, odamlardagi havasdan foydalangan shahar hokimligi uy-joy taqsimoti komissiyasi mijozlarga bu uyni ham taklif etdi. Ammo na komissiya, na bank xodimlari bu turar joy tijorat usulida barpo etilayotgani, bank kreditlari imtiyozli emasligini aniq tushuntirmadi. Hamma nizo va tushunmovchilik shundan keyin yuzaga keldi.

Ko‘p yildan beri Samarqandda ishlayotgan, arzon uy olish ishtiyoqida yurgan, boshlang‘ich badal uchun mablag‘ni bir amallab jamg‘argan fuqarolar tashvishini tushunsa bo‘ladi, ammo odamlar dardida qo‘lini isitib olishni o‘ylagan, liderlikni da’vo qilgan ayrim kimsalarning xatti-harakati masalani chuvalashtirib yubordi.

Viloyat va shahar hokimlari Qorasuv mavzesida yashayotgan va yashamoqchi bo‘lganlar bilan bir necha bor uchrashdi. Eng avvalo, bu masalani chuvalashtirib yuborgani uchun shahar hokimining birinchi o‘rinbosari, uy-joy masalalari bo‘limi xodimlari ishdan olindi.

Avvaliga bankchilar, kadastr xizmati va «O‘zshaharqurilish invest» MChJ xodimlari murojaat qilganlarga jamoatchilik ishtirokida uy-joy narxi hamda bank krediti masalasida batafsil tushuncha berishdi. Muhimi, uchrashuvdan keyin shikoyatchilarning barcha talabi qondirildi. Yaxshi muomala qilmagani uchun «O‘zshaharqurilish invest» viloyat vakili ham vazifasiga noloyiq deb topildi. Uy-joy hajmi shartnomadagi ko‘rsatkichdan kichik deganlar uchun ularning xonalari o‘lchandi. Ammo bu yerda ham kamchilik topilmadi.

Kimki «Agromir» uylaridan voz kechsa, yana o‘sha eski navbati asosida 2020 yilda arzon uylar olishi mumkinligi aytildi. Viloyat hokimining o‘rinbosari G.Alimova rahbarligida jamoatchilik komissiyasi tuzildi. Komissiya shahar hokimligi tomonidan tuzilgan uy-joy taqsimoti komissiyasi faoliyatini o‘rgandi, hujjatlar va korxona hamda mahalla rahbarlari ma’lumoti asosida navbatga qo‘yishdagi tartibsizliklarga barham berilmoqda. Bugun-erta bu navbatning onlayn ko‘rinishi ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yiladi.

Qorasuvda aynan uy-joy muammolari bilan shug‘ullanish uchun mahalla yig‘ini binosida mas’ul shaxs va navbatchilik tashkil etildi, har shanba kuni viloyat yoki shahar hokimligi vakili fuqarolarni qabul qilyapti.

Shu o‘rinda murojaatchilar «lider»lari o‘rtaga tashlayotgan bir muammoga to‘xtalamiz. Emishki, uy-joy narxi boshqa viloyatlarda arzonu, bizda qimmat. Marhamat, azizlar, Markaziy bank bergan ma’lumotni ko‘rib, bu da’vo nechog‘lik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini o‘zingiz bilib oling.

Izoh: 2020 yilda quriladigan ko‘p qavatli uylar uchun 1m/2 ga belgilangan narx 5100,0 ming so‘m bo‘lishi kutilmoqda.

Xalqimizda «Iste’molchi doimo haq» degan gap bor. Bu o‘rinda ham ana shu aqidaga rioya qilamiz. Chunki inson borki, yaxshi, farovon yashay, davlat bergan imtiyozlardan foydalanay, deydi. Qolaversa, bir amallab boshlang‘ich to‘loviga pul yiqqan, bu imkoniyatdan keyin uy olishga sharoit bo‘lmaydi, deb o‘ylaganlarni tushunish mumkin. Ammo hamma sharoiti bo‘laturib, imtiyozli uyga ega bo‘lganlar yoki bunday uylarga navbatda turganlar, tag‘in o‘zini «yetakchi» sanab, ikki holat o‘rtasida nima qilarini bilmay turganlarni bo‘lar-bo‘lmasga gij-gijlayotganlarga xalqning o‘zi, jamoatchilik, mahalla, huquq-tartibot idoralari baho berishi kerak.

Yana bir gap. Viloyat hokimi bilan uchrashuv chog‘ida uy qurilishi sifatini nazorat qiluvchi guruh tuzildi, mabodo kamchilik topilsa, quruvchi hisobidan bartaraf etilishi aytildi. Tushgan ayrim e’tirozlar bajarildi ham. Bundan tashqari pudratchi yoki bank tomonidan to‘lov jarayonida xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, bu mablag‘ mijoz to‘loviga qo‘shilishi aytildi.

Biz bir narsaga hayronmiz, ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarayotganlar nega o‘zi egalik qilmoqchi bo‘lgan xonadondagi kamchilik yuzasidan mahalla shtabiga xabar bermaydi? Maqsad «yetakchi»ga qo‘shilib «muhit» yaratishmi yoki o‘zi istagan shinam uyga kirishmi?

Davlatimiz rahbari yaqinda viloyatimizga tashrifi chog‘ida aholi uchun uy-joy qurilishiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Biz, eng avvalo, nogironlar, boquvchisini yo‘qotganlar, kam ta’minlanganlar va uy-joyga juda muhtoj bo‘lganlar uchun har yili uylar quramiz. Shuning barobarida tijorat asosida xorijlik mutaxassislar hamkorligida ham baland, zamonaviy turar joylar, shaharchalar barpo etamiz. Chunki bizning aholi ham rivojlangan davlatlar odamlari kabi yashashini istaydi, dedi u kishi.

Hayotiy tajribam bir haqiqatni aytishga ma’naviy huquq beradi, deb o‘ylayman. Yillar davomida sanoqli uylar qurdik. Imkon yo‘q edi. Dastlab namunali uy-joylarni ham oddiy aholining to‘lov qobiliyati yo‘qligi bois, rahbarlarga, fermerlarga majburlab «sotdik». Uyga to‘lov jarayoni nechog‘lik tahlikali bo‘lganiga, hatto o‘z xodimi oladigan uy to‘lovini o‘z vaqtida uyushtirmagani uchun tashkilot rahbari ishdan ketganiga o‘zim guvoh bo‘lganman.

Yashirib nima qilamiz, nogiron va yetimlar, boquvchisini yo‘qotganlarga yangi uydan emas, qayta ta’mirlangan yotoqxonalardan xonalar berdik.

Shuning uchun shahar va qishloqlarda arzon uylar qurila boshlaganini katta quvonch va umid bilan kutib oldik. Bu ish yomon ketmayapti. Davlat bunday uylarni imkoniyat darajasida qurmoqda. Chunki arzon uy uchun bank krediti foizi kam bo‘lishi, qurilish materiallari arzon xarid qilinishi, eng muhimi, quruvchida muruvvat va insof tuyg‘usi kuchli bo‘lishi ham lozim. Tabiiyki, yangi qurilayotgan barcha uylarga bu xil imtiyoz, barcha pudratchi, binokor uchun bu xil talab qo‘yib bo‘lmaydi.

Uy – sha’n, uy – Vatan ichra vatan. Uyi bor odam o‘zini qudratli his qiladi. Ota-bobolarimiz o‘g‘il tug‘ilsa, bir xona va dahliz tomiga yetarli bolor beruvchi terak niholi ekkan, yigirma yildan keyin ularni ishlatgan. Shunday oilalardan Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Sharof Rashidov, Qori Niyaziy, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, qolaversa, ko‘z o‘ngimizda Mahmud Toir, Sirojiddin Said, Usmon Azim, Iqbol Mirzolar chiqdi.

Xorijda bo‘lganimda ko‘rganman: nogiron va qariyalar davlat tomonidan faqat yashash huquqi asosida uy bilan ta’minlanadi. Uyga navbat turish degan gap yo‘q, ya’ni puling bo‘lsa, istagan paytda uy sotib olaverasan. AQSh, Germaniya, Xitoy, Hindiston kabi davlatlarda ham aholining bir qismi ijarada yashab umr kechiradi. Bizda esa…

Ba’zan nogiron bolasi, uchta otadan orttirgan uch nafar farzandini pesh qilib barcha idoralarni ovora qilayotganlar harakati dilimni og‘ritadi. Albatta, arzon uy-joy qurilishida hokimliklar loqaydligi, pudratchi va quruvchining insofsizligi, banklarning e’tiborsizligi uchun mutasaddilarga chora ko‘rilyapti. Biroq shaxsiy manfaat yo‘lida kam ta’minlanganlarga yoki muhtojlar haqiga sherik bo‘layotganlarga ham jamoatchilik o‘z so‘zini aytishi kerakku! 10-15 yillar oldin xususiy uy haqida orzu ham qilolmagan ayrim oilalar endi imkoniyat yaratilganda sabr bilan shu narsaga erishishi ma’qul emasmi?

Ushbu maqolani shu jarayon ichida yurganim uchun vijdon amri bilan yozdim. Uni 1996 yilgacha davlat uyida yashagan, hozirda ham ikki sotix hovlida istiqomat qilayotgan hamshaharlaringizning mulohazasi, qalb kechinmalari deb qabul qilishingizni so‘rayman. Ushbu fikrlarga bosiqlik, tahlil bilan munosabat bildiruvchilarga oldindan minnatdorlik aytaman.

Farmon TOShEV.