Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand tumani hokimining tadbirkor manfaatlarini buzgan qarori haqiqiy emas, deb topildi

Bundan ikki yil avval 2017 yil 15 mayda Samarqand tumani hokimining qarori bilan tumandagi “F.Qosimova agrotexservis” agrofirmasi suvli yerlar hisobidan fuqaro J.Karimovga yangi texnologiyalar asosida zamonaviy, yuqori samarali issiqxona tashkil etish uchun 1 gektar yer maydoni ajratilishi belgilangan.

J.Karimov issiqxona qurish uchun suv qudug‘i o‘rnatib, uni elektr energiyasiga ulagan va boshqa bir qator ishlarni amalga oshirgan. Shu orada mazkur hududda dehqonchilik qiluvchi boshqa fuqarolar bilan J.Karimov o‘rtasida yer bilan bog‘liq nizolar yuzaga kelgan.

J.Karimov ajratilgan yer maydonidan boshqa fuqarolar noqonuniy ravishda foydalanib kelayotganligi bois ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish va yer maydonini unga qaytarib olib berish yuzasidan tegishli idoralar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Biroq uning muammosini qonuniy hal qilish va yer maydonini aniq o‘lchab berish choralari ko‘rilmagan.

Bundan tashqari, belgilangan konturda 1 gektar emas, 0,30 gektar suvli yer maydoni mavjudligi aniqlangan. Jumladan, viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining boshqarma boshlig‘i S.Hakimov tomonidan viloyat hokimligiga taqdim qilingan xatda Samarqand tumani hokimligi tomonidan issiqxona tashkil qilish uchun chiqarilgan qarorda jami suvli yer maydoni 0,30 gektar bo‘lsa-da, 1 gektar yer maydoni ajratilishi xato belgilanganligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, ushbu xatda J.Karimovga ajratib berilgan yer maydoni ostki qismidan shahar aholisining chiqindisi - kanalizatsiya quvuri o‘tganligi sababli issiqxona tashkil qilish uchun 464-konturga chegaradosh bo‘lgan 463- yoki 465-konturlardan yer maydoni ajratish masalasini qayta ko‘rib chiqish so‘ralgan. Biroq tuman hokimligi tomonidan muammoni hal qilish va issiqxona qurish uchun tegishli yer maydonini ajratib berish o‘rniga, turli vajlar ko‘rsatilgan javob xatlari taqdim qilib kelingan.

Issiqxona qurish uchun ajratilgan yer maydoni bilan bog‘liq bir qancha muammolar mavjud bo‘lsa-da, Samarqand tumani prokuraturasi tomonidan J.Karimovga issiqxona qurish uchun ajratilgan yer maydonida o‘z vaqtida qurilish ishlari amalga oshirilmaganligi bois tuman hokimining 2017 yil 15 maydagi qarorini qonunga muvofiqlashtirish yuzasidan 2019 yil 18 mart kuni taqdimnoma kiritilgan.

Mazkur taqdimnoma tuman hokimligi tomonidan ma’lumot va ijro uchun qabul qilinib, 2019 yil 21 maydagi qaror asosida J.Karimovga issiqxona qurish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi tuman hokimining 2017 yil 15 maydagi qarori bekor qilingan.

Sud majlisida J.Karimov tuman xokimi bu haqda uni ogohlantirmaganligi va xabardor qilinmaganligini bildirgan.

Bunda Yer kodeksi, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi farmoni talablari buzilgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, tuman hokimining 2019 yil 21 maydagi qarori J.Karimovning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjat hisoblanadi.

Shu bois sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilining shikoyat arizasini muhokama qilib, Samarqand tumani hokimining 2017 yil 15 maydagi qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi tuman hokimining 2019 yil 21 maydagi qarorini haqiqiy emas, deb topdi.

Z.KARIMOV,

Samarqand tumani ma’muriy sudi raisi.