Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandlik tadbirkorga nega kredit ajratilmadi? Xalq banki izoh berdi

Samarqand tumanidagi “So‘zangaron nur obod” oilaviy korxonasi rahbari Alisher Bayonov Xalq banki Siyob filialiga ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida kredit olish uchun zarur hujjatlarni 2019 yilning aprel oyida topshirgan.

Ikki bor xat bilan yozma murojaat qilgan bo‘lishiga qaramasdan, kredit berish yoki berilmasligi haqida Xalq banki Siyob filialidan javob ololmaganidan norozi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasiga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga hamda bir nechta yuqori tashkilotlarga murojaat qilgan.

Kuni kecha O‘zA saytida ham ushbu holat bo‘yicha tanqidiy maqola e’lon qilindi.

Ushbu holatlar bo‘yicha bankning viloyat filiali mas’ul xodimlari korxona rahbari bilan uchrashib, muammoni to‘liq o‘rgandilar.

Imtiyozli kredit olish maqsadida mazkur oilaviy korxona tomonidan taqdim qilingan hujjatlar Adliya vazirligining 2013 yil 27 dekabrda 2546-son bilan ro‘yxatga olingan “Kichik tadbirkorlik sub’yektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomi talablariga to‘g‘ri kelmagan.

Shuningdek, 2019 yil 7 martdagi Prezidentimizning “Hududlarda oilalarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorning 8-bandida imtiyozli kreditlar “viloyatlar yoki tuman (shahar)lar «Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari» tomonidan oilalarning xohish va istaklari, tadbirkorlik sub’yektlari va yoshlarning loyihalari, ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun yetarli sharoitlari mavjudligi chuqur o‘rganilib, har bir oila va tadbirkorlik sub’yektlarining taklif etayotgan loyihalariga kredit ajratish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida beriladigan xulosalar asosida berilishi” belgilangan.

Xalq banki matbuot xizmati xabariga ko‘ra, “So‘zangaron nur obod” oilaviy korxonasiga viloyat yoki tuman «Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazi» tomonidan ijobiy xulosa berilmagani tufayli kredit mablag‘lari ajratilmagan.