Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamDUda Hindiston madaniyati o‘quv markazi ochildi

Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan xalqaro ta’lim dasturlari fakultetida bugungi kunda dunyodagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 2+2 shaklida 180 nafar talaba o‘qitilmoqda. Ya’ni talabalar bakalavr ta’lim bosqichining ikki yilida shu yerda, qolgan ikki yilida esa xorijda tahsil oladi.

7 oktyabr kuni Hindistonning mamlakatimizdagi elchisi Santosh Ja SamDUda bo‘lib, mazkur o‘quv muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda Hindiston madaniyati o‘quv markazining ochilishida ishtirok etdi.

Universitet matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, elchi janoblari markazda yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishib, ushbu maskan O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ilm-fan va madaniyat sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichda davom ettirishga yordam berishini ta’kidladi.

Universitet rektori Rustam Xolmurodov bilan uchrashuv chog‘ida Santosh Ja Hindistondagi Dehli va Na’landa universitetlari, shuningdek, bir qator xususiy oliy ta’lim dargohlarining SamDU bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi. Kelgusida bu aloqalarni rivojlantirish, ta’lim-fan, zamonaviy innovatsion texnologiyalar yaratish, birgalikda kadrlar tayyorlash masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, uchrashuvda 2020 yilda ikki mamlakatda o‘zbek va hind madaniyati kunlarini o‘tkazish, xususan, Samarqand shahrida ham bunday tadbirlarni tashkil etish taklifi bildirildi.

Muloqot yakunida Samarqand davlat universiteti va Hindistondagi  oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash, qo‘shdiplomlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hujjat imzolandi.